Yamandan Isroilga 4 may kuni uchirilgan ballistik raketa mamlakatning asosiy xalqaro aeroporti Ben Gurion aeroporti yaqiniga kelib, portlab ketdi. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.
Internetda e’lon qilingan kadrlarda haydovchilar yo‘lda mashinalarini to‘xtatib, yashirinishga harakat qilayotganini ko‘rish mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘lovchi terminalidan olingan tutun ustuni aks etgan suratlar ham bor. Raketa aeroportni o‘rab turgan panjara yaqiniga qulagani ko‘rinadi.
Mahalliy nashrlarning xabar berishicha, portlash oqibatida to‘rt kishi yaralangan, yana ikki kishi boshpanaga ketayotganda jarohatlangan.
Ben Gurion aeroportida parvozlar ma’lum muddatga to‘xtatildi. Zarba aeroportning uchinchi terminaliga kirish yo‘lini shikastlagan.
Isroil televideniyesi Isroil politsiyasining markaziy okrugi boshlig‘i Yair Xetsronining favqulodda xizmatlar va aeroport xodimlari bilan birga paydo bo‘lgan kraterda turgan tasvirini ko‘rsatdi. Uning aytishicha, politsiya Aeroportlar boshqarmasi bilan birgalikda barcha kirish yo‘llarini yopmoqda va jiddiy zarar yo‘q.
Biroq, Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi va Ispaniyaning Air Europa aviakompaniyasi 4 may kuni Tel-Avivga parvozlarni to‘xtatdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50504 | Инструменты