Yangi O‘zbekiston ko‘chasini obodonlashtirishga 81,5 mlrd so‘m yo‘naltiriladi

Yangi O‘zbekiston ko‘chasida piyoda va velosiped yo‘laklarini qurish, sayilgohlar hamda favvoralar tashkil etish, shuningdek, hududda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun 81,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi. Xuddi shu mablag‘lar hisobidan yerlari shahar zaxira fondiga o‘tkazilgan uy-joy mulkdorlari va fermerlarga kompensatsiyalar to‘lanadi. Tegishli qarorni Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov imzoladi.

Hujjatda aytilishicha, qaror prezidentning "Toshkent shahrini 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni va hukumatning "Yangi O‘zbekiston ko‘chasi infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosini taʼminlashga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning sentyabr oyida prezident Yangi O‘zbekiston ko‘chasidagi qurilish va obodonlashtirish loyihalari bilan tanishgan edi. Ko‘chada ishbilarmonlik markazi va rivojlangan yo‘lbo‘yi infratuzilmasini yaratish rejalashtirilgan. Ko‘cha bo‘yida “Toshkent-Sharqiy” aeroporti va Olimpiya shaharchasi ham bo‘ladi. Bu vazifalarni amalga oshirish uchun maxsus direksiya tuzilib, arxitektura konsepsiyasi ishlab chiqildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты