O’tgan “Yoshlar oyligi” 4 mlndan ortiq yurtimizdagi yoshlarni qamrab oldi. Oylik doirasida turli tadbirlar, rahbariyat va yoshlar uchrashuvlari, tanlovlar bo’lib o’tdi. “Butunjahon yoshlar festivali” ham shular jumlasidan. Unda dunyoning turli nuqtalaridan 1000 ga yaqin yoshlar tashrif buyurganini alohida ta’kidlash kerak. 2017-yildan buyon 30-iyun sanasi “Yoshlar kuni” sifatida o’tkazib kelinayotgani va mazkur sanaga yaqin ko’plab yoshlar “Kelajak bunyodkori”, “Mard o’g’lon” mukofotlari bilan taqdirlanishi yurtimizda yoshlar siyosati masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganidan dalolat. Kuni kecha an’anaga muvofiq Humo Arena majmuasida “Yoshlar kuni” katta tantana qilindi.
Tadbir avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston yoshlariga yo‘llagan bayram tabrigini Prezident Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov oʻqib eshittirdi. Shundan so’ng O’zbekiston davlat madhiyasi jarang sochdi.
Tadbirda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev mamlakatimiz yoshlarini bayram bilan tabriklab, davlat rahbarining shijoatli yoshlarga qaratayotgan eʼtibori xususida soʻz yuritdi.
Tantanali dastur avvalida vatan va yoshlikni madh etuvchi kuy-qo’shiqlar, milliy raqslarimiz ijro etildi. Shu bilan birga dunyo yulduzi Dimash Qudaybergeinning tashrifi tadbirga o’zgacha kayfiyat bag’ishladi.
Bugungi yoshlar ham ularga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanishmoqda. Sport, san’at, harbiy ilm, ijtimoiy-ma’rifiy sohalarda ular erishayotgan yutuqlar salmoqli.
Musiqiy kechada o’zbek estradasi yulduzlari ham ishtirok etib yoshlarga xush kayfiyat ulashdilar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты