21-yanvar kuni Migratsiya agentligi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) o‘rtasida ishlab chiqilgan “Japan Career Portal”ni rasmiy ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimda Migratsiya Agentligi direktori Behzod Musayev va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezideti janob Akihiko Tanaka ishtirok etdi.
Marosimda qayd etilganidek, ushbu portalning ishga tushirilishi ikki davlatning mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorligini mustahkamlashda muhim voqea hisoblanadi. Bu JICAning Markaziy Osiyodagi mana shu yo‘nalishdagi birinchi loyihasi bo‘lib, Yaponiyaning sanoat sektorida ishga joylashtirish orqali inson kapitali rivojini taʼminlashga xizmat qiladi.
“Umid qilamanki, Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda ishga tushirilgan ushbu portal Yaponiyada o‘qish, ishlash va malaka oshirish istagidagi o‘zbekistonlik yoshlarga, mutaxassislarga samarali ko‘makchi bo‘lib xizmat qiladi", - dedi JICA prezideti Akihiko Tanaka.
“Japan Career Portal” O‘zbekiston fuqarolariga Yaponiyada mehnat migratsiyasi, taʼlim va yashash imkoniyatlari haqida ishonchli maʼlumotlarni taqdim etuvchi universal platforma sanaladi. Bundan tashqari, yaponiyalik ish beruvchilarga o‘zbekistonlik mutaxassislarning salohiyati va kasbiy sifatlari haqida to‘liq maʼlumotlar taqdim etib boriladi.
Shuningdek, Yaponiyaning "Maxsus malakaga ega ishchi" dasturi doirasida O‘zbekiston uchun sohalar tarmog‘ini kengaytirish, yapon tili va malaka kurslari sonini ko‘paytirish, Yaponiyaning yirik ish beruvchi va rekruting kompaniyalarini hamkorlikka jalb etish masalalari ham muhokama qilindi.
Portalda o‘zbek, rus va yapon tillarida maʼlumotlar mavjud bo‘lib, uni ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib borishingiz mumkin.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin Toshkent shahrida Yaponiya bilan hamkorlikda Nevrologiya va insult markazi tashkil etilishi haqida xabar bergan edik. Yaponiya hukumati bilan Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qurish va jihozlash loyihasi boʻyicha 150 million dollarlik kredit shartnomasi imzolandi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akixiko Tanaka boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12218 | Инструменты