Bir dona batareyka 400 litr suvni zararlaydi. Uning yemirilishi oqibatida simob, kaliy, qo‘g‘oshin kabi og‘ir metallar va kimyoviy moddalar ajralib chiqadi. Natijada 20 kv m gcha bo’lgan yer yaroqsiz holga kelishi mumkin. 4-iyun kuni taqdimot qilingan www.batareykalar.uz loyihasi esa respublika bo’ylab yaroqsiz batareykalarni yig’ib olishga mo’ljallangan.
Feruzbek Sayfullayev tomonidan ishlab chiqilgan ushbu loyiha 2024-yilda tashkil etilgan “Yoshlar – kelajak bunyodkori” III ekologiya va turizm xalqaro qurultoyi doirasida “Eng yaxshi ekologik loyiha” deb topilgan edi. Loyiha doirasida Toshkent shahri va barcha viloyatlarda ishlatilgan batareykalarni yig‘ishga mo’ljallangan 100 ta urnalar o‘rnatildi. Ularning manzillari to‘liq tarzda www.batareykalar.uz platformasiga joylashtirilgan bo‘lib, aholi o‘zi yaqin joylashgan punktni tez va qulay topishi mumkin.
Viloyatlarda 28 ta yig‘ish punkti tashkil qilingan. Ular Ekologiya vazirligining hududiy boshqarmalarida va savdo markazlariga joylashtirilgan. Toshkent shahrida esa 72 ta yig‘ish punkti mavjud. Ularning 36 tasi yirik supermarketlarda bo’lsa qolgan yarmi davlat tashkilotlari va ta’lim muassasalarida o‘rnatilgan. To‘plangan batareykalar “No Waste” kompaniyasi tomonidan xavfsiz saqlanadi va ekologik standartlarga muvofiq utilizatsiya qilinadi.
Batareykalar alohida xavfli chiqindilar toifasiga kiradi. Mamlakatimizda esa bunday turdagi chiqindilarni qayta ishlovchi maxsus zavod yo’q. Mustaqil ekologik tashabbus sifatida amalga oshirilayotgan www.batareykalar.uz loyihasi chiqindilarni saralab, ularni qayta ishlash orqali tabiatni asrashga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, 2024-yilda respublikamizda jami 14,8 mln tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lgan bo’lsa 292 ta chiqindini qayta ishlash korxonasi tomonidan 766,3 ming tonna maishiy chiqindi qayta ishlandi. Chiqindini qayta ishlash darajasi esa 5,2 foizni tashkil etdi. Shuningdek, elektron chiqindilar Ekologiya vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish agentligi Xitoydan jalb qilgan investorlar tomonidan qayta utilizatsiya qilinadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82706 | Инструменты