Huawei 1
Yil oxirigacha firibgarlarning soxta qo‘ng‘iroqlarini cheklash tizimi joriy etiladi

Avvalroq prezident qarori bilan axborot texnologiyalari orqali sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish kuchaytirilishi haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan yil yakunigacha “Axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.

Qonun sohaning ustuvor yo‘nalishlari va ishlash mexanizmlari, kiberjinoyatlarning oldini olish va fosh etishda davlat organlari, banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining aniq mas’uliyatini belgilaydi.

Axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlikni belgilovchi amaldagi normalar oqibat mavjud bo‘lmasada, javobgarlik yuzaga kelishi nuqtayi nazaridan takomillashtiriladi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning bank siriga oid so‘rov va qarorlari ijrosini ta’minlashning aniq muddatlari belgilanadi, ularni bajarish mexanizm va talablari yengillashtiriladi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi manfaatdor idoralar va muassasalar bilan birgalikda 2025-yil yakunigacha soxta qo‘ng‘iroqlarni cheklash tizimini to‘liq joriy qilish chora-tadbirlarini yakunlashi kerak.

Markaziy bank kiberjinoyatlarni sodir etishda o‘zlarining bank hisobraqami, bank kartalari hamda elektron hamyonlari bo‘yicha ma’lumotlarini taqdim etgan shaxslar (drop) reyestrini yuritadi.

1-sentabrgacha IIV, Bosh prokuratura va Markaziy bank o‘rtasida elektron ma’lumotlar almashinuvi platformasi ishga tushiriladi. Bu kiberjinoyatga qarshi kurashishda tezkorlik bilan ma’lumotlar uzatish va kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishga qaratilgan.

Shuningdek, hujjat bilan Yevropa Ittifoqining “Kompyuter jinoyatlari to‘g‘risida"gi Budapesht konvensiyasiga qo‘shilish bo‘yicha harakatlar belgilanmoqda. Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan uch oyda konvensiyaga muayyan shartlar asosida qo‘shilish masalasini o‘rganishi va asoslantirilgan takliflarni kiritishi kerak. Buning uchun idoralararo ishchi guruh tuziladi.

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tuzilmasida Kiberjinoyatlarga qarshi kurashishga va raqamli tergovga ko‘maklashish markazi tashkil etiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50904 | Инструменты