Huawei 2
"Yuksalish" Toshkentda yo‘lovchilarning jamoat transporti haqidagi fikrini o‘rgandi

Jamoat transporti yo‘lovchilar uchun masofalarni qisqartiruvchi muhim ijtimoiy xizmatdir. O‘zbekistonda kuniga 10 mlndan ortiq kishi jamoat transportlaridan foydalanadi.

Sohani takomillashtirish maqsadida Toshkent shahridagi jamoat transporti tizimini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilib, unda mazkur yo‘nalishdagi o‘rta muddatli maqsad, vazifalar va ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi.

So‘nggi yillarda avtobuslar soni ikki baravarga oshdi. Ularning oraliq masofasi qisqardi va hozirda 8-10 daqiqani tashkil etmoqda. Poytaxtda kunlik yo‘lovchi tashish hajmi 1 mln kishiga yetdi.

2022-yilda Toshkent shahri uchun 200 ta o‘rta sig‘imli SAZ LE 60 va 190 ta ko‘p sig‘imli MAN avtobuslari, shuningdek, ilk bor 20 ta zamonaviy elektrobuslar xarid qilindi. 2023 yilda esa qo‘shimcha 1 000 ta avtobus keltirildi.

Metropolitendagi poyezdlar parki ham yangilanmoqda, masalan, aprel oyida 2 ta, may oyida 3 ta zamonaviy poyezd olib kelindi. Poyezdlarda ham oraliq masofalar qisqardi. Ertalabki vaqtda “Chilonzor” yo‘nalishida poyezdlar har 1,5-2 daqiqada, “O‘zbekiston” yo‘nalishida 3-4 daqiqa, “Yunusobod” yo‘nalishida 6-7 daqiqa oraliqda harakatlanmoqda.

Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga jamoatchilik eʼtiborini jalb qilish, shaharlarda yengil avtomobillar harakatini kamaytirish va jamoat transportini rivojlantirish maqsadida har oyning oxirgi chorshanbasida “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasi o‘tkazilmoqda. Bu Prezidentning 2024 yil 21 fevraldagi qarorida nazarda tutilgan.

“Yuksalish” harakati poytaxt jamoat transporti holati yuzasidan fuqarolar o‘rtasida onlayn so‘rov o‘tkazdi. So‘rovnoma sohaga masʼul tuzilmalar tomonidan qo‘shimcha eʼtibor talab qilinadigan jihatlarni aniqlashga qaratilgan.

So‘rovda 276 nafar respondent ishtirok etdi, shundan:

- 19,6%i – 18 yoshdan kichik;

- 63,3%i – 19 dan 45 yoshgacha;

- 5,5%i – qariyalar.

“Hozirda jamoat transportidagi asosiy muammo nima?” degan savolga quyidagicha javob olindi:

- Tig‘iz vaqtlarda yo‘lovchilar oqimi ko‘pligi (49,1%);

- Avtobuslarda sovituvchi/isituvchi konditsionerlar to‘liq ishlamasligi (15,6%);

- Metroda havo ventilyatsiyasi yaxshi ishlamasligi (12,4%);

- Transportlarning barchasida ham nogironligi borlar uchun maxsus sharoitlar yaratilmaganligi (8%).

Shuningdek, yo‘lovchilar baʼzi yo‘nalishlarda haligacha eskirgan avtobuslar harakatlanayotganini, ular yo‘llarda tez-tez ishdan chiqayotganini yoki yong‘inlar kelib chiqayotganini muammo sifatida qayd etgan. Ayrim avtobuslarning harakatlanish jadvaliga muvofiq yurmasligi ham shular qatorida.

Yo‘lovchilarning baʼzilari avtobuslarda konduktorlarga ehtiyoj yo‘q degan bo‘lsa, boshqalari ehtiyoj borligini aytgan. Konduktor bo‘lmasa, haydovchi yo‘lovchilarni old eshikdan tushiradi, bu esa yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha noqulayliklar keltirib chiqaradi.

Respondentlarning fikricha, yo‘nalishli taksilar yoki mikroavtobuslarda “qo‘shimcha o‘rindiqlar”dan (taburet yoki yog‘och o‘rindiqlar) foydalanish holati kuzatiladi. Yo‘lovchilar xavfsizligi uchun buni qatʼiy nazoratga olish va tartibga solish darkor.

Yo‘lovchilar qanday takliflar berdi?

So‘rov davomida respondentlar quyidagi taklif va tavsiyalarni berdi:

- tig‘iz vaqtlarda avtobus va vagonlar sonini ko‘paytirish, oraliq vaqtlarni qisqartirish (65,2%);

- tirbandlikning oldini olish uchun sig‘imi va hajmi katta avtobuslar sonini ko‘paytirish (50%);

- metroda ventilyatsiya va avtobuslarda sovitish/isitish tizimini yaxshilash (49,1%);

- eski rusumdagi avtobuslarni harakatlanishdan chiqarish va transport tizimini modernizatsiya qilish (41,7%);

- jamoat transporti uchun faqat professional haydovchilarni yollash (34,1%).

So‘rov ishtirokchilari, shuningdek, jamoat transporti haydovchilarining faoliyati bo‘yicha takliflar qoldirgan. Masalan, yo‘lovchilarni tashish vaqtida uyali telefondan foydalangan haydovchilarni jazolash, ularning malakasini muntazam oshirib borish, yo‘lovchilarning fikr-mulohazalari asosida ball tizimini joriy etish, natijasiga qarab mukofotlash yoki jarimaga tortish tizimini yo‘lga qo‘yish, avtobus haydovchilarining “poyga”lar uyushtirishi bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni qatʼiy nazorat qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va hk.

So‘rovda qatnashganlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish – yo‘lovchilarni audio va vizual formatda xabardor qiluvchi axborot tizimlarini joriy etishni ham taʼkidlagan.

Muammolarni doimiy aniqlab borish uchun fuqarolar murojaatlarini qabul qiluvchi platformalarni ishga tushirish, uni faollashtirish tavsiya etilgan. Respondentlar orasida metroda ayollar va bolalar hamda qariyalar uchun alohida vagonlarni joriy etishni so‘raganlar ham bo‘ldi.

Umuman, so‘rov natijalaridan Toshkent shahrida jamoat transporti tizimi takomillashib borayotgani, mavjud muammolar, asosan, qulaylik va xavfsizlik bilan bog‘liqligi aniqlandi. Tizimni yana-da rivojlantirishda fuqarolarning fikr-mulohazalarini inobatga olish, qaror qabul qiluvchi masʼul vazirlik va idoralarning kompleks yondashuvi zarur.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 63007 | Инструменты