Zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi

“2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–256-son, 24.12.2025 y.) qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 fevraldan zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Professional tutingan oilani tashkil etishga nomzodlar bolalardagi zo‘ravonlik natijasida olingan ruhiy jarohatning salbiy taʼsirini kamaytirish, xulq-atvoridagi og‘ishishlar va ularning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy-reabilitatsiya dasturlari asosida o‘qitiladi.

Zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar professional tutingan oilaga “Inson” markazlari va mazkur oilalar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida joylashtiriladi.

Professional tutingan oilaga har bir joylashtirilgan bolani parvarishlash uchun har oyda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 baravari miqdorida mablag‘ to‘lab boriladi.

Bunday oilaga joylashtirilgan har bir bolaning yashash xarajatlari uchun qonunchilikka muvofiq oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilarining yashash xarajatlari uchun belgilangan miqdorlarda mablag‘ ajratiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122420 | Инструменты