Zo‘ravonlikka uchragan ayollarni reabilitatsiya qilish uchun vaqtinchalik boshpanalar yaratiladi

Prezidentning “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi

Hujjat bilan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga “oila – mahalla – tuman va hudud” tamoyili asosida kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi joriy etilmoqda. 2024 yil 1 iyundan boshlab:

 - “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari  tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida bo‘lgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy va yuridik xizmatlar ko‘rsatish tartibi joriy etiladi;

- xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holati ichki ishlar organlari navbatchilik qismining “102” telefon raqamlariga kelib tushgan murojaatlar asosida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ro‘yxatga olinadi.

Tazyiq va zo‘ravonlik holati yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan eʼtiboran 24 soat ichida quyidagilar amalga oshiriladi:

- xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori ishtirokida tazyiq va zo‘ravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat o‘tkaziladi;

- profilaktika inspektori tomonidan himoya orderi rasmiylashtiriladi;

- tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch qabul bo‘limlariga  joylashtiriladi;

- rasmiylashtirilgan himoya orderlari va jabrlangan shaxslarga doir maʼlumotlar “Inson” markazlariga real vaqt rejimida “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuboriladi.

 Shoshilinch qabul bo‘limlarida tunu kun ishlaydigan birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etiladi:

- 2024-yil 1-iyundan boshlab – Jizzax, Navoiy va Xorazm viloyatlarida;

- 2024-yil 1-oktyabrdan boshlab – respublikaning qolgan barcha hududlarida.

 Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish uchun Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining hududiy markazlarida vaqtinchalik boshpana (shelter)lar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bunda hududiy markazlarga qarashli 14 ta namunali tumanlararo markazning mavjud shtat birliklari hamda moddiy-texnika bazasi to‘liqligicha hududiy markazlarga o‘tkazilgan holda tugatiladi.

 2025 yil 1 yanvardan boshlab ichki ishlar organlari tomonidan tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning reyestri yuritiladi. 2024 yil 1 dekabrdan boshlab esa bir kalendar yil davomida ikki va undan ortiq marta tazyiq va zo‘ravonlik holati bo‘yicha murojaat qilinganda ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi tashabbus tartibida beriladi.

 Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

- Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilishga doir chora-tadbirlar dasturi;

- Zo‘ravonlikning oldini olish, xotin-qizlarning huquqlari kafolatlarini taʼminlash, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan media-reja.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72710 | Инструменты