Huawei 1
Baxram Murtazaliyev Timofey Szyuni nokaut evaziga mag‘lub etdi

Bugun tong saharda AQSHning Orlando shahrida professional boks turniri bo‘lib o‘tdi.

Oqshomning markaziy jangi birinchi o‘rta vazn (69,9 kg.gacha) toifasida amaldagi IBF chempioni rossiyalik Baxram Murtazaliyev hamda avstraliyalik sobiq chempion Timofey Szyu o‘rtasida o‘tkazildi.

O‘n ikki raundlik chempionlik jangi biroz kutilmagan natija bilan yakunlandi. Murtazaliyev uchinchi raundda nomdor raqibini texnik nokaut evaziga mag‘lubiyatga uchratdi. Bu 31 yoshli Baxram uchun ilk chempionlik himoya jangi bo‘ldi. Sobiq mutlaq jahon chempioni Konstantin Szyuning o‘g‘li bo‘lgan 29 yoshli Tim faoliyatida ilk bor nokaut bilan yutqazdi.

Eʼtiborlisi, Murtazaliyev ikkinchi raundning o‘zida uch bor Szyuni nokdaun holatiga tushirib qo‘ygandi. Uchinchi raund oldidan Szyu shifokor ko‘rigida ham bo‘ldi. To‘rtinchi nokdaundan keyin Tim Szyuning sekundantlari jangni to‘xtatishga majbur bo‘lishdi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning mart oyida Timofey Szyu amerikalik Sebastyan Fundoraga yutqazib, WBO chempionlik kamarini qo‘lda chiqargandi. Szyu hisobida 24 g‘alaba va 2 mag‘lubiyat bor. Murtazaliyev esa bugun 23-g‘alabasini tantana qildi. Nokautli g‘alabalari soni 16 taga yetdi. U mag‘lubiyat va murosa nimaligini bilmay kelyapti.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102303 | Инструменты