Boʻstonliqda yangi muz maydoni hamda GRAND OPENING 21/22 qish mavsumining ochilishi bo‘lib o‘tdi

Kecha, 9-yanvar kuni Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi Amirsoy togʻ-changʻi kurorti hududida yangi muz maydoni va GRAND OPENING 21/22 qish mavsumining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi xabar berdi.

Mamlakatimizdagi eng uzun qorli trassalardan biri boʻlgan ushbu maskanda yangi mavsumning ochilishi munosabati bilan havaskorlardan tortib professionallargacha boʻlgan koʻplab sport ixlosmandlari toʻplandi.

Mavsumning ochilishi har yili o‘tkaziladigan tadbir bo‘lib, qishki turizmni rivojlantirish, respublika aholisi o‘rtasida faol va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish maqsadida o‘tkaziladi.

Ta'kidlanishicha, ilgari yurtimizda qishki sport turlarining faqat togʻ changʻisi va figurali uchish turlari bilan shugʻullanib imkoniyati mavjud boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda ular safiga muz ustida xokkey, short-trek, snoubord singari qishki Olimpiya oʻyinlari dasturidan oʻrin olgan yoʻnalishlari ham ommalashtirilmoqda.

Shuningdek, Amirsoy togʻ-changʻi kurorti majmuasi yangi mavsum ochilishiga qishki sport ishqibozlari uchun ajoyib sovgʻa – ochiq osmon ostidagi muz maydonini barpo etdi. Unda sport ixlosmandlari va mehmonlar figurali uchish, konkida yugurish hamda yurtimiz uchun qishki sport turlarining yangi yoʻnalishi boʻlgan kyorling bilan shugʻullanish imkoniyatiga ega boʻlishdi.

Yangi muz maydonining ochilish marosimidan soʻng mehmonlar bu yerda kyorling sport turi boʻyicha oʻz imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazishdi.

Eslatib o'tamiz, avvalroq, 26 dekabrda Amirsoyda yangi dor yo‘li va Markaziy Osiyodagi eng baland tog'li restoran majmuasi ochilgandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 41722 | Инструменты