Shu kunlarda poytaxtimizdagi Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida kamondan otish bo‘yicha o‘tkazilayotgan III “Alpomish va Barchinoy” xalqaro musobaqasida 8 ta davlatning mahoratli merganlari g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.
Gruziya, Turkiya, Hindiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston Rossiya hamda mamlakatimizning 100 nafardan ortiq kamonchilari turli yo‘nalishlarda sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilmoqda.
Kecha mazkur nufuzli turnir doirasida O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, mamlakat Kamondan otish federatsiyasi raisi – Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev Butunjahon Kamondan otish federatsiyasi bosh kotibi Tom Dilen va Koreya kamondan otish assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Youngsool Jang ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot jarayonida kamondan otish sport turi bo‘yicha xalqaro musobaqalar mundarijasi, terma jamoalar ishtirokida xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish, ilg‘or tajribaga ega mutaxassis-trenerlar ishtirokida seminarlar uyushtirish, jismoniy va psixologik tayyorgarlikning zamonaviy usullaridan foydalanish tamoyillari, sport jihozlari va maydonlarning sifati kabi masalalar muhokama qilindi.
2028 yili AQSHning Los-Anjeles shahrida o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida kamondan otish sport turi uchun ajratilayotgan yo‘llanmalar taqsimoti, saralash musobaqalarining tartibi tahlil etildi.
Xalqaro musobaqada ishtirok etayotgan chet davlatlarning sport mutasaddilari Toshkentdagi “Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati” muzeyi bilan tanishdi. O‘zbekiston sportining yorqin sahifalarini o‘zida jamlagan muzey eksponatlari xorijlik sport mutaxassislarida katta taassurot qoldirdi.
“Alpomish va Barchinoy” musobaqalari 19 mayga qadar davom etadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51822 | Инструменты