Huawei 2
Murod Nazarov va Mirziyod Majidiy O‘zbekiston polo federatsiyasi raisining yangi o‘rinbosarlari etib saylandi

2022-yil 2-iyun kuni Toshkent shahridagi Nest One hududida O‘zbekiston polo federatsiyasining yillik hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Kun tartibidagi asosiy masalalar O‘zbekiston polo federatsiyasi rais o‘rinbosarlari va Bosh kotibining yangi tarkibini saylash bo‘ldi.  

Federatsiya raisi o‘rinbosari lavozimiga birinchi nomzodni Bahromjon Gaziev taqdim etib, yirik qurilish tashkilotlarini boshqarishda katta va samarali tajribaga ega Murod Nazarovni jamiyatda obro‘-e’tiborli, sport doiralarida malakali shaxs sifatida saylashni tavsiya qildi. 

So‘ngra O‘zbekiston polo federatsiyasi raisi o‘rinbosari lavozimiga Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetining Karyerani rivojlantirish markazi va bitiruvchilar bilan hamkorlik bo‘limi rahbari Mirziyod Majidiy nomzodi ilgari surildi. Taniqli tadbirkorlar Zafar Hoshimov va Xasan Mamasaidovlar uning nomzodini qo‘llab-quvvatlab, Mirziyod Majidiyga ijobiy tavsif berdilar.

O‘zbekiston polo federatsiyasi bosh kotibi lavozimiga Akbar Asqarov nomzodi ilgari surildi. O‘zbekiston polo federatsiyasi raisi maslahatchisi Yakov Ribalskiy Akbar Asqarov haqida ijobiy sharh qayd etdi.

Anjuman ishtirokchilari taklif etilgan barcha nomzodlarga ovoz berishi natijasida Murod Nazarov va Mirziyod Majidiy O‘zbekiston polo federatsiyasi raisining yangi o‘rinbosarlari etib, Akbar Asqarov bosh kotib etib saylandi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston polo federatsiyasi 2020-yil 10-oktabrda tashkil etilgan. Federatsiya an'anaviy va qor polosini rivojlantirishni qamrab oladi. Ayni paytda O‘zbekistonda polo bo‘yicha 12 ta professional jamoa faoliyat ko‘rsatmoqda, shu jumladan ayollar polo ligasida 15 nafar sportchi ishtirok etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-martdagi 5024-sonli “Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, uning natijasida polo sportining rivojlanishi yangi bosqichga ko’tarildi. 

Xalqaro polo federatsiyasi - FIP 1982 yilda Argentinaning Buenos-Ayres shahrida tashkil etilgan. 2021 yilda O‘zbekiston polo federatsiyasi Markaziy Osiyodagi yagona rasmiy FIP a’zosiga aylandi.

Polo O'rta Osiyo hududi bilan bog'liq bo'lgan boy tarixga ega, u birinchi ming yillik oʻrtalarida jamoaviy oʻyin – chovgʻon tarzida vujudga kelgan. Chovgʻon asrlar davomida Oʻrta Osiyo, Ozarbayjon, Eron, Iroq va qoʻshni turkiy mamlakatlarda juda mashhur boʻlgan. Qadimgi miniatyuralarda o'yinning parchalari tasvirlangan, tarixiy qo'lyozmalarda o'yinning batafsil tavsifi va qoidalari berilgan. Ilk xalqaro chovg’on musobaqalari chavandozlar o‘rtasida o‘tkazilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga