Parijda o‘tayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida 4-avgustga o‘tar kechasi qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek o‘g‘li amerikalik Harvey Jahmalga qarshi chorak final jangini o‘tkazib, yarim finalga chiqdi.
Jang davomida unga O‘zbekiston delegatsiyasidan borgan murabbiy Akmal Hasanov sekundantlik qildi. Munarbekning shaxsiy murabbiyi Beganas Sultanbayev esa jangni ekran orqali tomosha qildi.
Sportchi tanishtiruv vaqtida ringga ikki murabbiyi bilan chiqdi. O‘zbekistonlik murabbiy jangdagi tanaffus davomida Munarbekning yuziga suv sepib turgan va unga jang usullari haqida kerakli maslahatlar bergan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Munarbekning shaxsiy murabbiyi Beganas Sultanbayev akkreditatsiya muammolari sabab Parijga bora olmagan. Qirg‘izistonning KaktusMedia nashri mamlakatning Sport departamenti rahbari Aybek Abdimomunovning holatga bergan izohi haqida quyidagilarni yozmoqda.
“Ijtimoiy tarmoqlarda Munarbekning shaxsiy murabbiyi Parijga bormaganligi muhokama qilinmoqda. Munarbek shu yilning iyun oyida uzoq kutilgan Olimpiada uchun litsenziya oldi. Biroq, murabbiylarni akkreditatsiyadan o‘tkazish mart oyida yakunlandi. Litsenziya turnirlarida bir necha bokschilar ishtirok etishdi va ularning qaysi biri litsenziya olishi noma’lum edi, shuning uchun akkreditatsiyadan bosh murabbiy o‘tdi. Olimpiadaga tayyorgarlik qanchalik puxta ketayotganini hammamiz bilamiz. Shu munosabat bilan faqat bosh murabbiyga ruxsat berildi”, — deyiladi bayonotda.
Qirg‘izistonlik huquq himoyachisi Gulshayir Abdirasulova holat haqida Facebook`da post yozib, shaxsiy murabbiyning Olimpiadaga bormaganini Milliy olimpiya qo‘mitasi va Qirg‘iziston madaniyat vazirligi tomonidan “sharmandalik va mas’uliyatsizlik” deb atagan. Qirg‘izistonliklar mamlakat MOQdan murabbiyni yarim finalda sportchini qo‘llab-quvvatlash uchun Parijga jo‘natishni so‘ramoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11515 | Инструменты