O'zbekiston elchisi Baxtiyor Ibragimov Qozog'iston mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Svetlana Jakupova bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Uchrashuvda mehnat migratsiyasi sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Vazir mehnat migratsiya sohasidagi so'ngi qonunchilik o'zgarishlari haqida ma'lumot berib, mehnat muhojirlari uchun ruxsat olish jarayonlari, ish beruvchilar uchun chet elda salohiyatli ishchilarni izlash imkoniyatlari va tomonlar o'rtasida mehnat shartnomasini tuzish bo'yicha yana-da soddalashtirilganligiga e'tibor qaratdi.
Shuningdek, Svetlana Jakupova ushbu sohadagi ikki tomonlama hamkorlik masalalariga to'xtalib o'tdi, konstruktiv va o'zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirib, O'zbekiston tomonidan bildirilgan barcha tashabbuslarni qo'llab-quvvatlashini ma'lum qildi.
Suhbat davomida O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi rahbariyati bilan yanvar oyida videokonferensiya shaklida muzokaralar tashkil etishga kelishib olindi.
Tomonlar mehnat migratsiyasi masalasi bo'yicha ikki tomonlama bitim imzolanishini puxta ishlab chiqish, O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasida mehnat migratsiyasi bo'yicha birinchi ishchi guruh yig'ilishini o'tkazish, hamda fevral oyida O'zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari delegatsiyasining Qozog'istonga tashrifini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.
Yakunda xususiy tashuv sohasida band bo'lgan O'zbekiston fuqarolari uchun huquqiy shart-sharoitlar va ijtimoiy kafolatlarni yaratish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11519 | Инструменты