Qozog‘iston boks federatsiyasi Los-Anjeles – 2028 yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish maqsadida Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) aʼzoligidan chiqib, yangi tashkil etilgan Xalqaro boks federatsiyasiga (World Boxing) aʼzo bo‘lmoqchi. Bu haqda Qozog‘iston boks federatsiyasi prezidenti Shaxmurat Mutalip maʼlum qildi.
"Hozir boksni Olimpiya o‘yinlari dasturida saqlab qolish masalasi XOQ darajasida muhokama qilinmoqda. Biz boksni Olimpiada oilasida saqlab qolish uchun barcha mamlakatlar bilan hamkorlikka tayyormiz. Bu qaror boksning keyingi rivojlanishiga taʼsir qilishiga ishonamiz. Butunjahon boks bo‘yicha Olimpiya komissiyasi raisi, Qozog‘iston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Gennadiy Golovkin bilan uchrashuvda mahalliy boksni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi", dedi mulozim.
Qayd etilishicha, bu qaror mahalliy bokschilarning olimpiya kelajagi bilan bevosita bog‘liq.
2023 yil aprel oyida Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Filippin, Shvetsiya va Qo‘shma Shtatlar vakillari yangi xalqaro federatsiya — World Boxing tashkil etilganini eʼlon qilishdi. Shuningdek, ular «boshqaruv va halollik» bilan bog‘liq muammolar tufayli IBA aʼzoligidan chiqishini eʼlon qildi.
Shuningdek, 10 ta mamlakat Toshkentda bo‘lib o‘tgan IBA jahon chempionatini boykot qildi. Keyinroq IBA yettita milliy boks federatsiyasi faoliyatini to‘xtatganini eʼlon qildi.
OAV maʼlumotlariga ko‘ra, ayni damda IBA qirqqa yaqin ishtirokchidan ayrilgan. Osiyo Boks Konfederatsiyasi (ASBC) ham noyabr oyida IBA aʼzoligidan chiqish masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122219 | Инструменты