Huawei 2
Shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov dunyo reytingida to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi

19 yoshli sportchi O‘zbekiston shaxmatchilari orasida reyting bo‘yicha rekord sohibi hisoblanadi.

O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov mart oyi yakunlari bo‘yicha FIDE reytingida (Elo reytingi) to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi. 

U 2765 ochko to‘plab, amaldagi jahon chempioni, xitoylik Din Lijyen (2762) va boshqa mashhur shaxmatchilardan o‘zib ketdi.

Dunyo reytingida ko‘p karra jahon chempioni, norvegiyalik Magnus Karlsen 2830 ochko bilan birinchi o‘rinda joylashgan. Amerikalik shaxmatchilar Hikaru Nakamura (2789) va Fabiano Karuana (2803) undan keyingi o‘rinlarni egallagan.

19 yoshli Nodirbek Abdusattorov O‘zbekiston shaxmatchilari orasida reyting bo‘yicha rekord sohibi hisoblanadi. Ungacha faqat Rustam Qosimjonov eng yuqori natijani ko‘rsatib, 2715 ochko bilan 11-o‘rinni egallagan.

Elo reyting tizimi ikki o‘yinchi ishtirok etadigan sport turlarida o‘yinchilarning nisbiy kuchini hisoblash usulidir. U vengriyalik/amerikalik fizika professori Arpad Elo tomonidan ishlab chiqilgan.

Shaxmatda Elo reytingi sportchilarning bir-biriga qarshi o‘yinlari natijasiga ko‘ra hisoblanadi. Elo reyting tizimi shaxmatchilarni to‘qqiz toifaga ajratadi: eng yuqori toifa 2600 balldan boshlanadi, eng quyi sinf 1200 va undan pastroq reytingga to‘g‘ri keladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga