WBA reytingida oʻzbek bokschilari qaysi oʻrinlarda?
Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) bokschilarning 2020-yil dekabr oyi yakunlari boʻyicha yangilangan reytingini eʼlon qildi.
Eʼtiborlisi, reytingdan 6 nafar oʻzbekistonlik bokschi oʻrin olgan. Xoʻsh, yakuniga yetgan yilning soʻnggi oyida bokschilarimizning reytingdagi oʻrinlari qanday koʻrinish oldi?
Reytingda hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliyev ikkinchi yengil vazn toifasida (-55,3 kg) chempion sifatida qayd etilgan. Shuningdek, Ahmadaliyev professional boksning IBF yoʻnalishi boʻyicha ham chempion hisoblanadi.
Birinchi yarim oʻrta vazn toifasidan (-63,5 kg) ikki nafar vakilimiz oʻrin olgan. Yangilangan reytingda Rio-2016 olimpiadasi sovrindori, jahon chempioni Shahram Gʻiyosov 6-pogʻonada qayd etilgan boʻlsa, yana bir vakilimiz Shohjahon Ergashev esa 8-oʻrinni egallab turibdi. Kim biladi, vaqti kelib bu ikki bokschimiz chempionlik kamari uchun jang qilishadimi?!
Birinchi oʻrta vazn (-69,85 kg) toifasidagi hamyurtimiz Isroil Madrimov esa 1-oʻrinda qayd etilgan va u chempionlik kamari uchun birinchi raqamli daʼvogarga aylandi.
Ikkinchi oʻrta vazn toifasidagi bokschimiz Bektemir Meliqoʻziyev (-76,2 kg) esa noyabr oyida ajoyib gʻalabaga erishgan boʻlsada, hamon 14-oʻrinda bormoqda. U ayni paytda WBA Continental Americas kamari sohibi hisoblanadi.
Yarim ogʻir vazn toifasida (-79,3 kg) ringga koʻtarilayotgan Rustam Toʻlaganov ham avvalgi oydagi oʻrnini saqlab qolgan – 14-oʻrin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42605 | Инструменты