Huawei 1
Buyuk Xitoy devorida sayyohlarga dronlar bilan ovqat yetkazish xizmati yo‘lga qo‘yildi

Buyuk Xitoy devorida sayohat qilayotgan turistlar endi yegulikni havo orqali olishi mumkin. Pekin chetidagi istehkomning eng gavjum Badalin qismida dronlar yordamida innovatsion yetkazib berish tizimi joriy etildi.

Ilgari yetkazib berish piyoda kuryerlar tomonidan amalga oshirilar va kutish deyarli bir soatga cho‘zilardi. Endi dronlar buyurtmani besh daqiqada yetkaza oladi. Buyurtma berish uchun turistlar maxsus QR-kodni skanerlashi kerak.

Tovarlar orasida nafaqat suv, oziq-ovqat va muzqaymoq, balki zarurat tug‘ilganda dori-darmonlar ham mavjud. Qizig‘i shundaki, ortga qaytishda dronlar bo‘sh shishalar va qadoqlarni tashib, hududni tozalashga yordam beradi. Bu xodimlarning ishini osonlashtiradi va obyektda tozalikni saqlashga hissa qo‘shadi.

Yangi dron xizmati Xitoy oziq-ovqat yetkazib berish giganti Meituan tomonidan eʼlon qilindi. Unga ko‘ra, dronlar moʻtadil shamol va yomg‘irda ham ucha oladi, bir parvozda 2,3 kilogramgacha yuk tashishi mumkin.

Dron orqali yetkazib berish narxi atigi 4 yuanni (56 sent) tashkil qiladi. Buyurtmalar soat 10:00 dan 16:00 gacha qabul qilinadi, shundan so‘ng dronlar chiqindilarni qayta ishlash stansiyalariga yetkazib beradi, deyiladi xabarda.

Biroq dronlar hanuz inson yordamiga muhtoj.

Ovqatga buyurtma kelib tushgandan keyin, Meituan xodimi mahsulotni eng yaqin mehmonxona tomiga olib chiqadi va dronga mahkamlaydi. So‘ng operator dronni Badalindagi qo‘riqlash xizmati minorasiga qarab uchiradi. Minorada boshqa xodimlar dronni kutib oladi va yegulikni buyurtmachiga olib beradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 123022 | Инструменты