Oʻzbekistonda Google Pay va Apple Pay ishga tushdi

Oʻzbekistonda xalqaro raqamli toʻlov xizmatlarini joriy etish borasida muhim natijaga erishildi. Bu jarayonda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning xalqaro texnologik kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muloqotlari va tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Xususan, Google kompaniyasi vitse-prezidenti Karan Bhatiya bilan uchrashuvda xalqaro toʻlov tizimlaridan foydalanish uchun zarur huquqiy va texnologik sharoitlarni yaratish masalalari muhokama qilingan edi.

Mazkur xizmatlarning joriy etilishi fuqarolar va xorijiy mehmonlar uchun smartfon orqali kontaktsiz toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu kundalik hisob-kitoblarni soddalashtirish, naqd pulga ehtiyojni kamaytirish, sayyohlar uchun qulaylik yaratish va mamlakat raqamli toʻlov infratuzilmasini xalqaro standartlarga yaqinlashtirishga xizmat qiladi. 

Eng muhimi, zamonaviy raqamli xizmatlarning Oʻzbekiston bozoriga kirib kelishi mamlakatimizning global texnologik hamkorlikdagi ishtirokini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Apple Wallet ilovasiga ATTO transport kartasini qo‘shishga urinish vaqtida O‘zbekistonda chiqarilgan bank kartalarini ulash mumkinligi haqida bildirishnoma paydo bo‘ldi.

Apple xabarida quyidagi banklar va qo‘llab-quvvatlanadigan to‘lov tizimlari keltirilgan:

  1. Uzum — Visa;
  2. Orient Finans Bank — Visa va Mastercard;
  3. O‘zbekiston Milliy banki — Visa va Mastercard;
  4. Kapitalbank — Visa va Mastercard;
  5. Hamkorbank — Visa;
  6. Ipak Yuli Bank — Visa va Mastercard;
  7. TBC Bank — Visa va Mastercard;
  8. Octobank — Visa va Mastercard.

Apple’ning aniqlik kiritishicha, ba’zi banklar barcha turdagi kartalarni qo‘llab-quvvatlamasligi mumkin. Ro‘yxat yangi banklar qo‘shilishi bilan yangilab boriladi. Aniq bir kartani ulash imkoniyatini uning emitent bankidan aniqlashtirish tavsiya etiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102715 | Инструменты