Oq uydagi Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo’yicha koordinatori Jon Kirbining aytishicha, AQSh hatto mamlakatda defolt bo'lgan taqdirda ham, moliyaviy yil oxirigacha (30-sentyabrgacha) Kongress tomonidan ajratilgan mablag’lardan foydalangan holda Ukrainaga yordam berish imkoniyatini saqlab qoladi.
Brifingda Kirbidan defolt yuzaga kelgan taqdirda Amerika Ukrainani qo’llab-quvvatlashni qay tarzda o’zgartirishi so’ralgan.
"Ukrainani qo’llab-quvvatlashga kelsak, bu Kongress tomonidan o’tgan yili bizga ajratilgan mablag’larga bog’liq. Biz hali ham ushbu ajratilgan mablag’lardan foydalanmoqdamiz va uning davomiyligini joriy moliyaviy yil oxirigacha saqlab qolamiz", deya tushuntirdi u.
Ma’lum qilinishicha, AQShning davlat qarzi hozirda 31,4 trillion dollarni tashkil etadi. Moliya vazirligi bu borada shoshilinch choralar ko'rmoqda, chunki qarz olish limitiga allaqachon erishilgan, aks holda defolt e’lon qilinadi.
AQSh prezidenti ma’muriyati Kongressdan davlat qarzi chegarasini oshirishni talab qilmoqda, biroq Kongress quyi palatasini nazorat qiluvchi respublikachilar bunga qarshi chiqmoqda. Ular davlat xarajatlari kamaytirilsagina bu taklifni qo’llab-quvvatlaydi.
Avvalroq Amerika mudofaa vazirligi Ukrainaga 300 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini e'lon qilgani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты