AQSh Davlat departamenti Ukraina hukumatiga F-16 qiruvchilari va u bilan bog‘liq jihozlarni taxminan 310,5 million dollarlik (274,7 million yevro) summaga sotish ehtimolini ma’qulladi. AQSh Mudofaa vazirligining Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik agentligi (DSCA) bu bo‘yicha zarur sertifikatlarni rasmiylashtirib, AQSh Kongressiga xabar berdi. Bu haqda DSCA 2-may, juma kuni ma’lum qildi.
Mazkur paket samolyotlarni modifikatsiya va modernizatsiya qilish xizmatlarini, parvoz va texnik xizmat ko‘rsatish uchun xodimlarni tayyorlashni, ehtiyot qismlar, yerda xizmat ko‘rsatish uskunalari, dasturiy ta’minot, texnik hujjatlar va boshqa logistika elementlarini o‘z ichiga oladi.
DSCAning ta’kidlashicha, bu kutilayotgan savdo Ukraina harbiy havo kuchlarining hozirgi va kelajakdagi tahdidlarga qarshi kurashish qobiliyatini oshiradi, uchuvchilarni samarali tayyorlashga va AQSh bilan o‘zaro operativ hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
“Mumkin bo‘lgan sotuv mintaqadagi harbiy muvozanatni o‘zgartirmaydi”
Asosiy pudratchilar sifatida quyidagi kompaniyalar ishtirok etadi: Valiant Integrated Services, Top Aces Corporation, Lockheed Martin Aeronautics, Pratt and Whitney, Snap-on Inc., BAE Systems Inc., AAR Corporation va Comsetra LLC.
Shu bilan birga, AQSh tomoni bu bitim mintaqadagi asosiy harbiy muvozanatga ta’sir ko‘rsatmasligini ta’kidlagan.
Shuningdek, bu bitim doirasida AQSh hukumati vakillari yoki pudratchilarining Ukrainaga qo‘shimcha yuborilishi talab etilmaydi. DSCAning qayd etishicha, ushbu bitim AQShning mudofaa tayyorgarligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Avvalroq, 8-aprel kuni Belgiya Ukrainaga to‘rtta F-16 qiruvchisini topshirishini e’lon qilgan edi. Ulardan ikkitasi joriy yilda, qolgan ikkitasi esa keyingi yilda yetkaziladi. Bu haqda Bryusselda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida Belgiya bosh vaziri Bart De Vever ma’lum qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 80220 | Инструменты