AQSh hukumati oktyabr oyida Falastin-Isroil mojarosi boshlanganidan beri Ukrainaga NATO standartidagi artilleriya snaryadlarini yetkazib berishni 30 foizdan ko‘proqqa qisqartirdi. Bu haqda nomi oshkor etilmagan ukrainalik amaldorga tayanib, ABC News xabar bermoqda.
Unga ko'ra, Amerika rasmiylari Kiyevga Yaqin Sharqdagi mojaro AQSh majburiyatlariga ta'sir qilmasligiga va'da bergan, ammo bu sodir bo'ldi.
ABC News'ning qayd etishicha, Ukrainadagi eng muhim o'q-dorilar 155 millimetrli artilleriya snaryadlari hisoblanadi. Manbaga ko‘ra, ular Ukrainaga yetkazib berilayotgan barcha mahsulotlarning 60-70 foizini tashkil qiladi.
Shu bilan birga, telekanal suhbatdoshi Kongressda yuzaga kelgan kelishmovchiliklar tufayli Kiyevga Amerika qurollari yetkazib berilishidan xavotir bildirdi.
"Bizda katta muammolar bor... Asosiy o'q-dorilar kelmayapti", dedi ukrainalik rasmiy.
Uning so'zlariga ko‘ra, Ukraina frontdagi mavqeini yo‘qotishi mumkin.
Pentagon yuqori martabali mulozimining aytishicha, Ukrainaga yetkazib berishning qisqartirilishi Yaqin Sharqdagi mojaroga "mutlaqo" aloqador emas. Amerika rasmiysiga ko'ra, yordam paketlari rasmiy yetkazib berishdan bir necha hafta oldin tuzilgan, "shuning uchun G'azoda va Ukrainada sodir bo'layotgan voqealar o'rtasida hech qanday bog'liqlik yo'q".
Bir kun avval AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Kiyevga tashrifi chog‘ida Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga 100 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini taqdim etishini ma’lum qilgan edi. U, xususan, 155 millimetrli artilleriya snaryadlarini o'z ichiga olgan, ammo AQSh mudofaa vazirligi yetkazib berilgan o'q-dorilar sonini oshkor qilmagan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy yordam paketini sharhlar ekan, "ayni damda zarur bo'layotgan artilleriya - snaryadlar ko'proq bo'ladi", dedi.
Eslatib o'tamiz, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy noyabr oyi boshida Falastin-Isroil mojarosi boshlanganidan beri Ukrainaga artilleriya snaryadlari yetkazib berish kamayganini aytgan edi. U ta'minot qancha kamayganini aytmadi. Oktyabr oyida esa Amerika matbuoti xabarlariga ko'ra, Pentagon Ukraina uchun mo'ljallangan o'n minglab 155 millimetrli snaryadlarni Isroilga topshirishga qaror qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91823 | Инструменты