AQSH Mudofaa vazirligi Grenlandiyadagi Pituffik harbiy bazasi qo‘mondoni, polkovnik Suzanna Meyersni lavozimidan ozod qildi. Pentagon vakiliga ko‘ra, bu qaror prezident Donald Trampning siyosiy kursiga qarshi harakatlar fonida qabul qilingan.
Zanjirli boshqaruvga putur yetkazuvchi harakatlar yoki prezident Trampning kun tartibini sabotaj qilishga urinishlarga yo‘l qo‘yilmaydi, dedi AQSH Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Shon Parnell bayonot berib.
Polkovnik Meyersning lavozimdan olinishi bilan bog‘liq rasmiy sabab ko‘rsatilmagan, ammo Pentagon e’lon bilan birga Military.com maqolasiga havola bergan. Unda polkovnik Suzanna Meyersning AQSH vitse-prezidenti JD Vens tashrifidan so‘ng bazadagi xodimlarga yuborgan elektron xati haqida so‘z boradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Meyers 31-mart kuni bazadagi harbiylarga elektron xat yuborib, vitse-prezidentning uch kun avvalgi tashrifidan norozi ekanini bildirgan.
Men siyosatni chuqur tushunmayman, ammo Vens janobning gaplari Pituffik bazasining ruhini aks ettirmaydi. Rahbar bo‘lib turar ekanman, bu yerda barcha bayroqlar yonma-yon hilpiraydi, deb yozgan u o‘z mamlakatining Grenlaydiyaga da’volariga ishora qilib.
Avvalroq vitse-prezident JD Vens 28-mart kuni AQSH delegatsiyasiga boshchilik qilib, Qo‘shma Shtatlarning Grenlandiyadagi Pituffik harbiy bazasiga tashrif buyurdi. U orolni Daniyadan ajratib, AQSH nazoratiga o‘tkazish kerakligini aytgan. Vensga ko‘ra, hududning Xitoy va Rossiya tahdidiga qarshi xavfsizligini AQSH ta’minlashi lozim.
Tramp ma’muriyati Grenlandiyani AQSH nazoratiga o‘tkazish bo‘yicha bir necha bor bayonot bergan. Daniya esa bu da’volarni keskin rad etmoqda.
AQSHga javob
Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lokke Rasmussen Tramp ma’muriyatining ohangini tanqid qildi. Grenlandiyaning yangi bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen esa shunday dedi:
Grenlandiya sotilmaydi. Trampning bu yondashuvi bizning siyosiy mustaqilligimizga tahdiddir.
Tomonlar o‘rtasidagi vaziyat vaqti-vaqti bilan keskin nuqtaga chiqmoqda. Oq uy esa orol bo‘yicha da’volaridan voz kechgani yo‘q.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41302 | Инструменты