Ijtimoiy tarmoqlardagi Autodeklarant kanali 11 aprel kuni Piskent avtopoligonida avtomobillar “qanday tekshirilishi” haqida video e’lon qildi. Kanal muallifi Azizbek Berdiyevning so‘zlariga ko‘ra, “ichkarida hech nima tekshirilmaydi va [avtomobillar] vaqt o‘tkazib chiqarib yuboriladi”. UzTest markazi uning bu iddaosini rad etib, bloger ustidan tegishli organlarga shikoyat qilishini bildirdi.
E’lon qilingan video poligonga sinov uchun olib kirilgan avtomobillardan birining kamerasida olingan. Videoda uchta avtomobil markazga olib kirilganidan keyin, bir xodim uchala mashinani bir-bir telefonda suratga olib, ularning kapot qismiga nimanidir qo‘ygani, keyin eshigini ochgan holda avtomobil saloniga nazar tashlagani, so‘ng zal burchagidagi xonaga kirib ketib, bir necha daqiqadan keyin qaytib chiqqani va kapotga qo‘yilgan kichik elementni olib, avtomobilni tashqariga haydab chiqqani ko‘rinadi.
UzTest markaziga ko‘ra, bu videoda 2024 yilning noyabr oyidagi holat aks etgan bo‘lib, u hozirgi tekshiruvlar bilan “mutlaqo bog‘liq emas”. Shu bilan birga, davlat tashkiloti videodagi holatning hozirgi tekshiruvlarga aloqasi yo‘qligini ko‘rsatuvchi biror dalilni taqdim etmadi.
Ma’lumot uchun, poligonga mashinasini olib kelgan fuqarolar uchun ichkaridagi jarayonni kameralar orqali kuzatib turish imkoniyati yaratilmagan. Qolaversa, bir nechta mashina bir vaqtda olib kirilib, sanoqli daqiqalarda qaytarib chiqarilgan holatlar borligi avval ham shubha-gumonlarga asos bo‘lgandi.
Muassasa o‘z bayonotida “jamoatchilik fikrini chalg‘itishga qaratilgan mazkur lavhani noto‘g‘ri talqin qilgan holda keng jamoatchilikka tarqatgan bloger ishiga tegishli tartibda huquqiy baho berilishi”ni ma’lum qilgan.
UzTest'ning qo‘shimcha qilishicha, tegishli reglamentga asosan, O‘zbekistonga kirib kelayotgan transport vositalari elektromagnit mosligi bo‘yicha sinovlardan o‘tkazilishi belgilangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41313 | Инструменты