Avstriya hukumatining yangi kansleri keyingi hafta o‘z majburiyatlarini bajarishga kirishadi. Bu haqda respublika prezidenti Aleksandr Van der Bellen ma’lum qildi.
«Karl Nexammer o‘z lavozimini tark etganidan keyin Avstriya o‘tish davrida yangi kanslerga ega bo‘ladi, u keyingi haftadan majburiyatlarini bajarishga kirishadi», — deydi davlat rahbari.
Aleksandr Van der Bellen yangi kansler nomzodiga oid biror qo‘shimcha ma’lumotni oshkor qilmagan.
Prezident 6 yanvar kuni parlament saylovlarida g‘alaba qozongan Avstriya ozodlik partiyasi rahbari Gerbert Kikl bilan uchrashib «vaziyat o‘zgarganini» muhokama qiladi.
Avstriya kansleri Karl Nexammer koalitsion hukumat tuzish borasidagi muzokaralar barbod bo‘lishi ortidan iste’foga chiqishini ma’lum qilgandi. “Biz uzoq va halol muzokaralar olib bordik. Sotsial-demokratlar bilan muhim masalalar bo‘yicha kelishuvga erishib bo‘lmadi. Xalq partiyasi o‘z va’dalariga sodiq qoladi: biz ish samaradorligi va tadbirkorlikka putur yetkazuvchi choralarga, xususan yangi soliqlar joriy etilishiga qarshimiz. Shu sababdan ham sotsial-demokratlar bilan muzokaralarni yakunladik va davom ettirmaymiz”, – degan Karl Nexammer shanba kungi bayonotida.
Avstriya xalq partiyasi yetakchisi Karl Nexammer 2021 yil dekabrda mamlakat kansleri lavozimini bajarishga kirishgan edi. O‘shanda mamlakat federal prezidenti Aleksandr Van der Bellen bungacha ichki ishlar vaziri lavozimini egallagan Nexammerdan qasamyod qabul qilgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10723 | Инструменты