AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken harbiylar tomonidan hokimiyatdan chetlashtirilgan Niger prezidenti Muhammad Bazum bilan telefon orqali gaplashdi. Blinken unga mamlakatdagi inqirozni tinch yo’l bilan hal etish tarafdori ekanligini ma’lum qildi.
"Mavjud konstitutsiyaviy inqirozni tinch yo’l bilan hal qilish uchun davom etayotgan sa'y-harakatlarimizni bildirish maqsadida Niger Prezidenti Bazum bilan gaplashdim", deb yozdi Blinken o’zining Twitter sahifasida.
Shu bilan birga, u Nigerda hokimiyatni egallab olgan harbiylarni prezident va uning oilasini ozod qilishga chaqirdi.
Eslatib o’tamiz, Nigerda davlat to’ntarishi 27-iyulda boshlangan. General-polkovnik Abdurahmon Tchiani boshchiligidagi bir guruh harbiylar prezident Bazumni hokimiyatdan chetlatishdi. G’arbiy Afrika Iqtisodiy Hamjamiyati (ECOWAS) rahbarlari Nigerga qarshi zudlik bilan sanksiyalar kiritdi va ushbu davlat bilan barcha iqtisodiy va moliyaviy operatsiyalarni to’xtatdi.
Avvalroq Niger isyonchilari mamlakat yangi bosh vazirini tayinlagani haqida xabar bergan edik. Bu bo’yicha, tegishli qaror 7-avgust, dushanba kuni putchistlarning hukmron organi - Vatanni qutqarish milliy kengashi tomonidan qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51104 | Инструменты