Huawei 1
Bloomberg: Apollo Intel kompaniyasiga milliardlab sarmoya taklif qilmoqda

Amerikaning Apollo Global Management aktivlarni boshqarish korporatsiyasi Intel kompaniyasiga 5 milliard dollargacha (4,5 milliard yevro) sarmoya kiritishni taklif qildi, deb xabar berdi Bloomberg 22 sentabr, yakshanba kuni kechqurun o‘zining «vaziyatdan boxabar manbalariga» tayanib.

Agentlikka manbalar ma’lum qilishicha, moliyaviy muammolarga duch kelgan texnologik gigant rahbariyati hozirda Apollo taklifini ko‘rib chiqmoqda. Ular hali yakuniy qarorlar yo‘qligini va potensial investitsiyalar hajmi o‘zgarishi mumkinligini qo‘shimcha qildi, shuningdek, bu muzokaralar to‘xtab qolishi va hech qanday kelishuvga olib kelmasligi mumkinligini aytdi.

Intel Bloomberg xabariga izoh berishdan bosh tortdi, Apollo esa Reuters so‘roviga javob bermadi. Bir paytlar dunyodagi eng yirik chip ishlab chiqaruvchi bo‘lgan Intel aksiyalari yil boshidan buyon o‘z qiymatining deyarli 60 foizini yo‘qotdi, deya qayd etadi Reuters. Joriy yilning boshida Apollo Intel'ning Irlandiyadagi yangi ishlab chiqarish majmuasi bilan bog‘liq qo‘shma korxonaning 49 foiz ulushini 11 milliard dollarga (taxminan 10 milliard yevro) sotib olishini bildirgandi.

Intel raqibi sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda

Intel'ga sarmoya kiritish mavzusi Qualcomm taniqli kompyuter chiplari ishlab chiqaruvchisini sotib olish imkoniyatini o‘rganish taklifi bilan Intel'ga murojaat qilganidan ko‘p o‘tmay jamoatchilikka oshkor bo‘ldi. Reuters xabariga ko‘ra, Qualcomm bosh direktori Kristiano Amon 50 yillik tarixga ega bo‘lgan Intelʼni sotib olish bo‘yicha muzokaralarda shaxsan ishtirok etmoqda. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bu munozaralar ham dastlabki bosqichda. Avvalroq Qualcomm Intel chiplarini ishlab chiqish biznesining bir qismini sotib olish imkoniyatini ham ko‘rib chiqqandi.

Bloomberg ta’kidlaganidek, bosh direktor Pet Gelsinjyer boshchiligida Intel ichki o‘zgarishlarni amalga oshirish va yangi mahsulotlar, texnologiyalar va tashqi mijozlarni jalb qilish bo‘yicha reja ustida ishlamoqda. Biroq, bu tashabbus kompaniyaning obro‘siga putur yetkazgan va o‘nlab milliard dollarlik yo‘qotishlarni keltirgan daromadlar yomonlashgani haqidagi bir qator hisobotlarga olib keldi.

Intel Germaniyada 30 mlrd yevrolik zavod qurilishini keyinga qoldirdi

Magdeburgda Intel chip ishlab chiqarish majmuasi qurilishi ikki yilga to‘xtatildi, dedi Gelsinjyer 16 sentabr kuni. Bu Germaniya tarixidagi eng yirik to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar bo‘lishi kerak edi: u 30 milliard yevroga baholangan va Germaniya hukumati ushbu mablag‘ning uchdan bir qismini — 9,9 milliard yevroni subsidiyalar shaklida berishga tayyor edi. Loyiha 3000 ga yaqin ish o‘rni yaratishi va dastlab 2027 yilda ishlab chiqarishni boshlashi rejalashtirilgan edi.

Intel'ga ko‘ra, hozirda yo‘qotishlar bilan kurashayotgan kompaniya uchun xarajatlar juda yuqori bo‘lgan. «Biz raqobatbardoshroq xarajat tuzilmasini yaratish va 10 milliard dollar tejash maqsadimizga erishish uchun hozir harakat qilishimiz kerak», dedi Gelsinjyer. Shuningdek, u Polshaning Vrotslav shahrida mikrochip ishlab chiqaruvchi zavod qurilishi to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92320 | Инструменты