Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi ko‘pchilik ovoz bilan Afg‘onistondagi vaziyatga oid rezolyutsiyani ma’qulladi, unda bu davlatni boshqarayotgan radikal «Tolibon» harakati keskin tanqid qilingan. Ovoz berish jarayoni 7 iyul kuni bo‘lib o‘tdi.
«Tolibon»ni qoralovchi hujjatni 116 davlat qo‘llab-quvvatlagan, Bosh Assambleyaning faqat ikki a’zosi, jumladan AQSh unga qarshi ovoz bergan. Qayd etilishicha, Osiyo mintaqasida nufuzga ega ko‘plab davlatlar betaraf qolgan. Xususan, Rossiya, Xitoy, Hindiston va Eron ham xuddi shunday pozitsiyani egallagan. Nashr shu tariqa «asosiy o‘yinchilar geosiyosiy ehtiyotkorlik ko‘rsatdi», deb ta’rifladi.
Rezolyutsiya Germaniya, Irlandiya va Shvetsiya tomonidan taqdim etilgan. Unda BMT Xavfsizlik Kengashi, tashkilot Bosh kotibi direktivalaridan olingan xulosalar, shuningdek, Afg‘oniston bo‘yicha BMT maxsus ma’ruzachisining baholari o‘rin olgan. Hujjat mualliflari mohiyatan «Tolibon» harakatining qizlarni ta’lim olish imkoniyatini, nodavlat tashkilotlar faoliyati, ayollarning erkin harakatlanishi va hokazolarni cheklab qo‘yayotgan siyosatini keskin qoralaydi. Hokimiyatning bunday harakatlari «shafqatsiz, keng tarqalgan va tizimli» sifatida tavsiflangan.
Shu munosabat bilan BMT «Tolibon»dan ayollarga zulm qilish siyosatini to‘xtatishni talab qildi, chunki «ularning jamiyat hayotidagi faol ishtiroki mamlakat tinchligi, taraqqiyoti va barqarorligi uchun muhim ahamiyatga ega».
Shu bilan birga, rezolyutsiya xalqaro moliyaviy donorlarni Afg‘onistonga tez va erkin yordam ko‘rsatishga chaqiradi, chunki millionlab fuqarolar, ayniqsa ayollar va bolalar juda muhtoj ahvolda qolgan.
Mutaxassislar, shuningdek, «Tolibon» tomonidan OAV xodimlari va huquq himoyachilariga nisbatan senzura va zo‘ravonlikni qoralab, Kobulni so‘z erkinligi va axborot olish kafolatlariga rioya qilishga chaqirgan. Shu bilan birga, BMT noqonuniy hibsga olishlar va suddan tashqari, o‘zboshimcha qatllarga aloqador shaxslarni jazolashni, shuningdek, xalqaro gumanitar xizmatlar va diplomatlarning xavfsizligini ta’minlashni talab qildi.
Bundan tashqari, hujjatda Afg‘oniston hukumatiga tinch aholi va etnik ozchilik jamoalarini himoya qilish bo‘yicha keng qamrovli rejani qabul qilish bo‘yicha murojaat ham o‘rin olgan.
Bosh Assambleya mamlakatda «Islomiy davlat», «Al-Qoida» kabi bir qator terroristik guruhlar va boshqa ekstremistlar mavjudligidan xavotir bildirdi.
Qaror mualliflari metamfetamin va afyun ishlab chiqarishning o‘sishiga ham e’tibor qaratishgan. Bunda tarkibida narkotik moddalar bo‘lgan ekinlarni yetishtirishni qat’iy taqiqlash va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini o‘zgartirish shartligi ko‘rsatilgan.
Hujjatda ta’kidlanganidek, Afg‘onistonning barqaror kelajagi barcha ijtimoiy guruhlarni ifodalashga qodir bo‘lgan inklyuziv hukumat shakllanishiga bog‘liq. Shu bois BMT «Tolibon»ni ichki muloqotni tiklashga va radikal harakatga kirmaydigan boshqa siyosiy kuchlar vakillari va alohida fuqarolarning mamlakatni boshqarishdagi ishtirokini kengaytirishga chaqirgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 71603 | Инструменты