Huawei 1
Boltiqbo‘yi davlatlari Rossiya elektr tarmog‘idan uzildi

Estoniya, Latviya va Litva 8 fevral kuni Rossiya elektr halqasidan ajralib chiqdi, deb xabar beradi LSM.

Yaqin soatlarda uchta Boltiqbo‘yi davlati energotizimi avtonom ishlay boshlaydi, 9 fevral oxiriga qadar esa u tarkibida kontinental Yevropaning barcha davlatlari, shuningdek, Turkiya, Jazoir, Marokash va Tunis bo‘lgan Yevropa energetika tizimiga ulanadi.

Rasmiylarning qayd etishicha, o‘tish jarayoni iste’molchilar uchun hech qanday uzilishlarsiz amalga oshiriladi, ammo aholiga kutilmagan vaziyatlar sodir bo‘lishi mumkinligi sabab mobil telefon va noutbuklarni quvvatlantirib olish tavsiya qilingan.

Rossiya Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, Kaliningrad oblasti energotizimi avtonom rejimda faoliyatini boshlagan. Ta’kidlanishicha, mintaqada so‘nggi yillarda to‘rtta yangi IES qurilgan va ular avtonom ishlashga to‘liq tayyorlangan.

Boltiqbo‘yi davlatlari Rossiyaga bo‘lgan energoqaramlikni kamaytirish maqsadida BRELLdan uzilish rejasi haqida 2017 yilda e’lon qilgandi. RF Ukrainaga bostirib kirganidan keyin ushbu jarayon tezlashib ketdi. 2022 yilda Boltiqbo‘yi davlatlari Rossiya va Belarusdan elektr energiyasi xarididan butunlay voz kechdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20820 | Инструменты