Huawei 2
Bugun tarixiy uchrashuv: Turkiya prezidendi Erdog'an Armaniston bosh vaziri Pashinyan bilan ko'rishadi

Bugun, 6-oktyabr kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Pragada Yevropa siyosiy hamjamiyati sammiti doirasida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan uchrashish va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan to‘rt tomonlama formatda muzokaralar o‘tkazish niyatida.

Bu Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining joriy yil sentabr oyi oʻrtalarida ikki davlat chegarasida toʻqnashuvlar kuchayganidan keyingi ilk uchrashuvi boʻladi. 

“Pragada to‘rt tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tadi, unda Fransiya va Ozarbayjon Prezidentlari Emmanuel Makron va Ilhom Aliyev, shuningdek, Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel ishtirok etadi. Shuningdek, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan ham uchrashuv rejalashtirilgan”, deydi Pashinyan. 

Ozarbayjon rahbari Armaniston bilan tinchlik shartnomasini ishlab chiqishni tezlashtirish zarurligini bir necha bor ta’kidlab, bunga tayyorligini bildirgan. Aliyevning aytishicha, Boku adovat va nafratga chek qoʻyib, dunyoda yangi sahifa ochmoqchi. 

Shuningdek, u Armaniston bilan chegarani delimitatsiya qilish jarayonini tezroq boshlash va bu yoʻnalishda tarixiy hujjatlar va xaritalar hamda xalqaro tajriba asosida faol ish olib borish zarurligini taʼkidladi. 

Erdo‘g‘an bilan uchrashuv

4-oktyabr kuni Turkiyaning “Sabah” gazetasi o‘z manbalariga tayanib, Erdo‘g‘an Pashinyan bilan 6 oktyabr kuni Pragada Yevropa siyosiy hamjamiyati sammiti doirasida uchrashishi haqida xabar berdi. 

Gazetaning qayd etishicha, muzokaralarda Turkiya va Armaniston munosabatlarini normallashtirish masalasi muhokama qilinadi. Xususan, Erdo‘g‘an Pashinyanga ikki tomonlama munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha maxsus vakillar uchrashuvlarini uchinchi davlatlar hududida emas, navbatma-navbat Turkiya va Armanistonda o‘tkazishni taklif qilishi kutilmoqda.  

Bundan tashqari, Turkiya rahbari mintaqadagi keskinlikni pasaytirish va Armaniston - Ozarbayjon o‘rtasida imkon qadar tezroq tinchlik shartnomasini imzolash bo‘yicha takliflar kiritadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga