Buyuk Britaniya urush tugab, tinchlik shartnomasi imzolangandan so‘ng Ukraina osmonida patrullik qilish uchun Typhoon qiruvchi samolyotlaridan foydalanishi mumkin. Bu haqda Britaniya hukumati va Qirollik havo kuchlaridagi manbalarga tayanib, The Times xabar berdi.
Britaniya NATO dasturiga o‘xshash Ukraina uchun “havo politsiyasi” tashkil etishni muhokama qilmoqda. Bu dasturga ko‘ra, alyans 2004-yildan beri Boltiqbo‘yi davlatlari havo hududini himoya qilib keladi.
Bunday variant Ukraina ustida parvozlar taqiqlangan hudud yaratishdan ko‘ra ehtimoli ko‘proq, chunki so‘nggi holatda samolyotlar Ukraina osmonida kecha-yu kunduz patrullik qilishi kerak bo‘ladi, deya aniqlik kiritdi manbalardan biri.
Taxminlarga ko‘ra, “politsiya missiyasi”da Polshada joylashtirilishi rejalashtirilgan o‘nlab “tish-tirnog‘igacha qurollangan” va doim parvozga shay turuvchi qiruvchi samolyotlar ishtirok etadi.
Bunday qaror Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarining bir qismi bo‘lishi mumkin, shuningdek, quruqlikda tinchlik shartnomalariga rioya etilishini nazorat qilish uchun kamroq harbiy kontingentni jalb qilish imkonini beradi.
Shu bilan birga, Buyuk Britaniya buning uchun ko‘plab samolyotlar va havo hujumidan mudofaa tizimlarini jalb etishi kerak. Bu masalani muhokama qilish boshlang‘ich bosqichda. Biroq The Times gazetasining Qirollik harbiy-havo kuchlaridagi suhbatdoshi “Bizga nima deyishsa, barchasini bajarishga tayyormiz”, deya ta’kidladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22109 | Инструменты