Donald Tramp o‘zini AQSHning 47-prezidenti deb ataganidan so‘ng dunyo yetakchilari uni g‘alabasi bilan tabriklashni boshladi.
Birinchilardan bo‘lib NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Donald Trampni AQSHdagi saylovlardagi g‘alabasi bilan tabrikladi va u bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda u X’da yozdi.
"Men hozirgina Donald Trampni Qo‘shma Shtatlar prezidenti etib saylangani bilan tabrikladim. Uning yetakchiligi yana ittifoqimizni mustahkam saqlashda kalit bo‘ladi. NATO orqali kuch orqali tinchlikni rivojlantirish uchun u bilan yana hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutaman", deb yozdi u.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham Trampni AQSHdagi saylovlardagi g‘alabasi bilan tabrikladi.
"Tarixdagi eng buyuk kambek bilan tabriklayman. Bu juda katta g‘alaba. Sizning Oq uyga tarixiy qaytishingiz Amerika uchun yangi sahifani ochadi va Isroil va Amerika o‘rtasidagi buyuk ittifoqning kuchli yangilanishini anglatadi”, dedi Netanyaxu.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Donald Trampni AQSH prezidentligi saylovidagi g‘alabasi bilan tabrikladi.
"Tabriklayman, Prezident Donald Tramp. Oldin to‘rt yil davomida qilganimizdek, birgalikda ishlashga tayyormiz", deb yozdi Makron.
Fransiya rahbari “har bir tomonning e’tiqodini hurmat qilgan holda va kelajakka e’tibor qaratgan holda tinchlik va farovonlik yo‘lida ishlashga” tayyor ekanini aytdi.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ham Trampni AQSH prezidentligi saylovidagi g‘alabasi bilan tabriklab, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash istagini bildirdi.
“Do‘stim Donald Trampni saylovdagi tarixiy g‘alabasi bilan chin qalbimdan tabriklayman. Hindiston-AQSH keng qamrovli global va strategik sherikligini yanada mustahkamlash uchun hamkorligimizni yangilashni intiqlik bilan kutaman. Keling, xalqlarimiz farovonligi yo‘lida birgalikda harakat qilaylik va global tinchlik, barqarorlik va farovonlikka yordam beraylik”, deb yozdi Modi.
Shuningdek, Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Donald Trampni AQSH prezidenti etib saylangani bilan tabriklab, Belgrad tinchlik yo‘lida Vashington bilan hamkorlikka sodiqligini ta’kidladi.
“Donald Trampni g‘alabasi bilan tabriklaymiz, Serbiya barqarorlik, farovonlik va tinchlik yo‘lida AQSH bilan hamkorlik qilishga intiladi”, deb yozdi u Instagram'da Tramp bilan birga suratini chop etib.
Britaniya Bosh vaziri esa Trampning g‘alabasini tarixiy deb atadi. Kir Starmer respublikachini “tarixiy g‘alabasi” bilan tabriklab, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga umid bildirdi.
“Saylangan prezident Trampni saylovdagi tarixiy g‘alabasi bilan tabriklayman. Kelgusi yillarda siz bilan hamkorlik qilishni orziqib kutaman. Eng yaqin ittifoqchilarimiz sifatida biz erkinlik, demokratiya va tadbirkorlik kabi umumiy qadriyatlarimizni himoya qilishda yelkama-yelka turibmiz. Bilaman, Buyuk Britaniya va AQSH o‘rtasidagi o‘ziga xos munosabatlar – iqtisodiy o‘sishdan tortib, xavfsizlik, innovatsiyalar va texnologiyalargacha – kelgusi yillarda Atlantika okeanining har ikki tomonida gullab-yashnashda davom etadi”, deydi Britaniya hukumati rahbari bayonotida.
Chexiya Bosh vaziri Petr Fiala ham Donald Trampni tabrikladi.
“Bizning umumiy maqsadimiz – [AQSH] ma’muriyatidagi o‘zgarishlarga qaramay, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar eng yuqori darajada qolishini ta’minlash va biz ularni fuqarolarimiz manfaati uchun rivojlantirishda davom etishdan iborat”, deb yozdi Bosh vazir.
Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen esa Donald Trampni AQSHdagi saylovlardagi g‘alabasi bilan tabriklab, “kuchli transatlantik kun tartibi” ustida hamkorlik qilishni taklif qildi.
“Donald Trampni chin yurakdan tabriklayman. Yevropa Ittifoqi va AQSH shunchaki ittifoqchi emas. Bizni 800 million fuqaroni birlashtirgan xalqlarimiz o‘rtasidagi haqiqiy sheriklik bog‘lab turadi. Shunday ekan keling, ularga foyda keltirishda davom etadigan kuchli transatlantik kun tartibi ustida birga ishlaylik”, dedi u.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Trampni AQSHdagi saylovlardagi “ta’sirchan g‘alabasi” bilan tabrikladi va shaxsiy uchrashuvga umid bildirdi.
“Donald Trampni saylovdagi ta’sirchan g‘alabasi bilan tabriklayman, sentyabr oyida biz Ukraina va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikni batafsil muhokama qilgan holda prezident Tramp bilan bo‘lgan ajoyib uchrashuvimizni eslayman”, deb yozgan Zelenskiy X'dagi sahifasida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev “Ukrainaga ikki tomonlama kuchli yordam” davom etishiga umid qilmoqda. Zelenskiy Trampni g‘alabasi bilan shaxsan tabriklash va hamkorlikni mustahkamlash yo‘llarini muhokama qilishini qo‘shimcha qildi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u Trampning yondashuvi Ukraina atrofidagi mojaroga barham berishini kutmoqda va uni “birgalikda haqiqatga aylantirishga” umid qilmoqda.
Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham Trampni AQSH prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabriklab, Anqara va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanishiga umid bildirdi. Turkiya Prezidenti Trampning Ukraina va G‘azo bo‘yicha kelishuvga erishish harakatlarida yordam berishiga umid bildirdi.
Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy ham Trampni AQSH prezidentligi saylovidagi g‘alabasi bilan tabrikladi va u bilan yana hamkorlik qilish istagini bildirdi.
“Saylangan prezident Donald Trampni AQSH saylovlarida g‘alaba qozongani bilan tabriklayman. Strategik munosabatlarimiz va sherikligimizni mustahkamlash, mintaqada ham, dunyoda ham xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarimizni ilgari surish yo‘lida yana birga ishlashga umid qilaman”, deb yozdi arab davlat rahbari X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Germaniya kansleri Olaf Shols ham Trampni AQSH prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi va Berlin va Vashington har ikki davlat fuqarolari manfaati uchun hamkorlikni davom ettirishini aytdi.
“Donald Trampni AQSH prezidenti etib saylangani bilan tabriklayman. Germaniya va Qo‘shma Shtatlar Atlantika okeanining har ikki tomonida farovonlik va erkinlikni ta’minlash uchun uzoq yillik muvaffaqiyatli hamkorlik tarixiga ega. Fuqarolarimiz manfaati yo‘lida bu ishni davom ettiramiz”, deb yozdi Shols.
Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer ham Trampni AQSH prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi va Vashington Germaniyaga kuchli hamkor sifatida ishonishiga ishontirdi.
“Transatlantika munosabatlari mamlakatlarimiz va qit’alarimiz barqarorligi va farovonligi uchun muhim ahamiyatga ega. Mojarolar va noaniqliklarga to‘la bu notinch dunyoda hamkorligimiz ikki tomonlama, ham NATO va BMTdagi sheriklar sifatida katta qadriyat va kuchga ega. Siz Germaniyaga AQSH uchun kuchli hamkor sifatida ishonishingiz mumkin”, deyiladi Shtaynmayerning maktubida.
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban esa Trampni AQSH prezidentligiga saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklab, bu butun dunyo uchun zarurligini ta’kidladi.
“AQSH siyosiy tarixidagi eng katta kambek! Prezident Donald Trampni ulkan g‘alaba bilan tabriklayman! Butun dunyo uchun juda zarur bo‘lgan g‘alaba", deb yozdi Vengriya hukumati rahbari X sahifasida.
Keyinroq Orban Facebook’da e’lon qilingan qisqa video sharhida bu "dunyo tinchligiga umid" ekanligini aytdi.
“Hatto shu yil boshida biz yil oxiriga qadar G‘arb dunyosida tinchlik tarafdori kuchlar g‘alaba qozonib, urush kuchlarini mag‘lub etishimizga umid qilgan edik”, dedi u.
Vengriya Bosh vaziri Tramp bilan qo‘shma rejalari borligini, u 2025 yilda, u lavozimga kirishganida amalga oshirilishini ta’kidladi. U ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanishiga va iqtisodiyotning “oltin asrga” qaytishiga umid bildirdi. Uning fikricha, respublikachi nomzodning g‘alabasi yorqin va "katta kurash natijasi" bo‘ldi.
“Ular Trampga qamoq bilan tahdid qilishdi, mol-mulkini tortib olishdi, o‘ldirmoqchi bo‘lishdi, Amerikadagi butun ommaviy axborot vositalarini unga qarshi qo‘yishdi, lekin baribir u g‘alaba qozondi”, deb ta’kidladi Orban Bishkekdagi Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida.
Orban AQSHdagi partiyalararo kurashda Trampni ochiq qo‘llab-quvvatlagan va uning Oq uyga qaytishiga umid qilayotganini yashirmagan. 31 oktyabr kuni Vengriya Bosh vaziri sobiq prezident bilan telefon orqali suhbatda unga 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda g‘alaba qozonishini tiladi.
Ilgari Vengriya hukumati Trampning prezidentlikka ehtimoliy qaytishini ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash, shuningdek, Ukrainadagi mojaroni hal qilish umidlari bilan bog‘lashini bir necha bor ta’kidlagan edi. Tramp prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonsa, Ukraina muammosini hal qilishga va’da berdi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa respublikachi Donald Trampni prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabriklashni rejalashtirmayapti.
“Prezidentning Trampni saylov bilan tabriklash rejalaridan xabardor emasman. Unutmaylikki, gap davlatimizga qarshi urushda bevosita va bilvosita ishtirok etayotgan davlat haqida ketyapti”, dedi Kreml vakili Dmitriy Peskov.
Kreml matbuot kotibidan Putin saylovdagi g‘alabasidan so‘ng Donald Tramp bilan telefon suhbatiga tayyormi, degan savol berildi.
“Bu bizdan so‘rashingiz kerak bo‘lmagan narsa, men sizga Putinning aloqa va muloqotga ochiqligi haqida eslatib o‘tmoqchiman, bu butun dunyoga ma’lum”, dedi Peskov.
“Fox News” telekanali va “The Hill” gazetasining prognozlariga ko‘ra, 5 noyabr kuni AQSHda bo‘lib o‘tgan saylovlarda Tramp g‘alaba qozondi. Uning o‘zi allaqachon siyosiy g‘alabasini e’lon qilgan va o‘zini AQSHning 47-prezidenti deb atagan. Hukmron AQSH Demokratik partiyasidan Kamola Harris ishtirok etdi. U 2021 yil yanvaridan beri AQSH vitse-prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. Tramp Amerikaning 45-prezidenti edi. U 2020 yilgi saylovda demokrat Jo Baydenga yutqazdi. Tramp saylovoldi tashviqoti davomida Ukraina mojarosiga barham berish niyatida ekanligini ma’lum qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110706 | Инструменты