Dunyo bo‘ylab umrida tamaki chekmagan odamlar orasida o‘pka saratoni bilan kasallanish holatlari ortmoqda. Buning sabablaridan biri ekologiya yomonlashuvi va havo ifloslanishi bo‘lishi mumkin, deb yozmoqda The Guardian.
Xalqaro saratonni o‘rganish agentligi (IARC) ma’lumotlariga ko‘ra, o‘pka saratoni butun dunyo miqyosida onkologik kasalliklardan o‘limning beshinchi eng keng tarqalgan sababidir. 2022 yilda bu kasallik 2,5 million kishida aniqlangan. O‘pka saratoni bilan kasallanishning eng yuqori ko‘rsatkichlari Sharqiy Osiyo mamlakatlarida, ayniqsa Xitoyda qayd etilgan.
Olimlarning ta’kidlashicha, chekmaydigan odamlarda o‘pka saratoni ko‘pincha adenokarsinoma shaklida namoyon bo‘ladi. 2022 yilda bu kasallik erkaklarda o‘pka saratoni holatlarining 45,6 foizini, ayollarda esa 59,7 foizini tashkil etgan. 2020 yilda ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 39,0 va 57,1 foiz edi.
So‘nggi o‘n yilliklar davomida adenokarsinoma o‘pka saratonining asosiy kichik turiga aylandi. 2022 yilda 200 mingga yaqin adenokarsinoma holati aynan yomon ekologiya tufayli kelib chiqqan. IARC ma’lumotlariga ko‘ra, chekmaydigan odamlar orasida o‘pka saratoni holatlarining 70 foizini adenokarsinoma tashkil etadi.
Tadqiqotchilar, shuningdek, ayollar o‘rtasida o‘pka saratoni bilan kasallanish sezilarli o‘sganini qayd etmoqda. 2022 yilda u butun dunyo bo‘ylab 900 ming ayolda aniqlangan. The Guardian ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda Buyuk Britaniyada kasallangan ayollar soni birinchi marta erkaklar sonidan oshib ketgan.
2024 yil avgust oyida Londonda o‘pka saratoniga qarshi yangi vaksinaning klinik sinovlari boshlangandi. Ushbu vaksina immunitet tizimini saraton hujayralariga qarshi kurashda rag‘batlantiradi. Eksperimental davolash birinchi bo‘lib London kolleji universiteti klinikasidagi bemorlarda o‘tkazildi. Vaksina Germaniyaning BioNTech biotexnologiya kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Preparat immun tizimini sog‘lom to‘qimalarga ta’sir qilmasdan saraton hujayralarini tanib olish va yo‘q qilishga undaydi. Bunday yondashuv bemorlar va sog‘lom hujayralarni zararlaydigan an’anaviy kimyoterapiyadan farq qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20420 | Инструменты