Eron 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan AQSH prezidentlik saylovlari oldidan Isroilning Eron hududiga yaqinda bergan zarbasiga javob qaytarishi mumkin. Bu haqda CNN manbalarga tayanib xabar berdi.
“Eron Islom Respublikasining sionistik rejim tajovuziga javobi hal qiluvchi va og‘riqli bo‘ladi”, deydi manba.
Xabarda qayd etilishicha, ushbu qaror Tehron Isroil hujumining jiddiyligini pasaytirish bo‘yicha o‘zining dastlabki strategiyasidan voz kechayotganini ko‘rsatishi mumkin.
Isroilning Eronga hujumi
26-oktyabr kechasi yahudiy davlati armiyasi Erondagi harbiy obyektlarga havo hujumi uyushtirgan edi. Raketa ishlab chiqarish zavodlari va havo hujumidan mudofaa tizimlari nishonga olingan. Eron tomoni hujum qaytarilgani, biroq “cheklangan zarar” yetkazilganini bildirgan. Hujum munosabati bilan Eron Birlashgan Millatlar tashkiloti Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini o‘tkazishga chaqirgan.
AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin Eron “xato” qilmasligiga va vaziyatni yanada keskinlashtirmasligiga umid bildirgan hamda Isroil zarbalari o‘zaro hujumlarga chek qo‘yganini ta’kidlagan.
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Isroil armiyasining havo hujumiga javob qaytarishga va’da bergandi.
“Biz urushni istamaymiz, ammo millatimiz huquqlarini himoya qilib, o‘zimizni mudofaa qilamiz. Sionistik rejimning tajovuziga javob qaytaramiz”, dedi Pezeshkiyon.
U Isroil hujumi oqibatida halok bo‘lgan to‘rt nafar askar va o‘n nafar politsiyachining oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan.
“Eron farzandlari vatanni himoya qilish uchun jonini fido qildi. Armiyaning jasur askarlari, ularning oilalari va qahramon xalqiga hamdardlik bildiraman. Eronning dushmanlari bilishi kerakki, bu jasur xalq qo‘rqmasdan o‘z yerlarini himoya qilishga va har qanday ahmoqlikka donolik va aql bilan javob qaytarishga tayyor”, degan edi siyosatchi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110115 | Инструменты