Huawei 1
Eron Oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xomanaiyning jiyani hibsga olindi

Eron Oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xomanaiyning jiyani Faride Moradxani jahon hamjamiyatini Eron hukumati bilan barcha aloqalarni uzishga chaqirganligi sababli hibsga olindi. Bu haqda CNN va Reuters nashrlari xabar bermoqda.

Uning akasi Mahmud Moradxani o'zining Twitterdagi sahifasida Faride 23-noyabr kuni sud qaroriga asosan prokuraturaga murojaat qilgan paytda hibsga olinganini yozdi.

Faride Moradxani o'zining videomurojaatida xalqaro hamjamiyatni mamlakatdagi noroziliklar tufayli Eron bilan aloqalarni uzishga va Tehron bilan har qanday kelishuvni to'xtatishga chaqirdi.

Uning so'zlariga ko'ra, eronliklar hukumatni qo'llab-quvvatlovchilar bilan urush holatida bo'lib, demokratik davlatlarni o'z vakillarini Eron hududidan olib chiqishiga va eronlik vakillarni mamlakatlaridan chiqarib yuborishga chaqirdi.

Ma'lumot o'rnida, Faride va Mahmud Morodxani mamlkat oliy rahnamosi Badri Husayni Xomeneining singlisi bilan turmush qurgan muxolifatchi Ali Tehroniyning farzandlaridir. Tehroniy oktyabr oyida vafot etgan.

Eslatib o'tamiz, Eronda norozilik namoyishlari sentabr oyi o'rtalarida xijobni noto'g'ri o'ragani uchun hibsga olingan Mahsa Aminiyning vafotidan keyin boshlangan. Qiz politsiya mahkamasiga olib borilgach, hushini yo'qotib, birozdan so'ng kasalxonada yurak xurujidan vafot etgan. Marhumning oilasi qizning sog‘lig‘ida hech qanday muammo yo'qligini aytib, o'lim holatlarini o'rganishni talab qilgan.

Ma'lumotlarga ko'ra, Eron rasmiylari norozilik namoyishlarini islomiy rejimni zaiflashtirishga urinish deb hisoblamoqda.  Mamlakat Oliy rahnamosi Ali Xomanaiy AQSh va Isroilni namoyishlarni uyushtirganlikda aybladi.

Avvalroq, Islom inqilobi qo'riqchilarining bosh qo'mondoni general Husayn Salamiy namoyishlarda Saudiya Arabistonining ishtiroki haqida xabar bergan edi. Noyabr oyi boshida Tehron u yerdan namoyishchilar uchun kelayotgan pul va razvedka uskunalari ushlanganini e'lon qilgan edi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90500 | Инструменты