Eron riyoli kursi AQSh dollariga nisbatan 2 foizga pasayib, yangi tarixiy minimal darajaga yetdi: 1 dollar uchun 756 ming riyol. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Eron valutasi noyabr oyida, mamlakatga «maksimal bosim» o‘tkazishga va’da bergan Donald Trampning AQSh prezidenti saylovida g‘alaba qozonganidan so‘ng faol ravishda arzonlasha boshladi.
O‘tgan haftada Tramp maslahatchilari unga Isroil Harbiy havo kuchlari tomonidan yadroviy inshootlarga zarbalar berishni nazarda tutuvchi Eronni tiyib turish rejasini taklif qilishgan edi. Ushbu rejaning bir qismi sifatida AQSh Isroilga Eron yadroviy inshootlarini ishdan chiqaradigan «zamonaviy qurollarni» topshirishi kerak.
Bundan tashqari, noyabr oyi oxirida BMT Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentligi (AEXA) Eronni mamlakat yadroviy dasturi bo‘yicha muloqot o‘rnatishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Aks holda, Eronga nisbatan yangi xalqaro sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin.
Eronga nisbatan bunday ritorika sarmoyadorlarning valuta bozoridagi xavotirini sezilarli darajada oshirgani ta’kidlanmoqda, bu esa Eron valutasining rekord darajada qadrsizlanishiga olib kelgan.
Mamlakat fuqarolari ham riyolga ishonchsizlik bildirmoqda – ular o‘z mablag‘larini joriy yilda Eronda 30 foizdan oshib ketgan inflatsiyadan himoya qilish maqsadida dollar va boshqa xorijiy valutalarni, shuningdek, oltin va kriptovaluta sotib olishga sarflamoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121613 | Инструменты