Huawei 1
Fakt tekshiruvi: Xaker selfidan barmoq izini o‘g‘irlay oladimi?

Xorijlik mutaxassislar selfi usulda rasmga tushayotganlarga V – tinchlik belgisini iloji boricha ishlatmaslikni maslahat bermoqda. Zero, firibgarlar suratdagi barmoqdan nusxa iz olishlari mumkin ekan.

Tinchlikni ifodalash uchun keng qo‘llanadigan mazkur belgi ko‘pincha suratga tushayotganda ishlatiladi. Ko‘pchilik maʼnosini tushunmasdan shu holatda rasmga tushadi.

Buyuk Britaniya sobiq Bosh vaziri Uinston Cherchill Ikkinchi jahon urushida g‘alabani anglatish maqsadida “V” belgisidan foydalangani bilan mashhur.

IT ekspertlari fikricha, firibgarlar tasvirdan barmoq izining yuqori sifatli nusxasini olish uchun foydalanishi mumkin. Shu tariqa ular pul yoki shaxsiy maʼlumotni o‘g‘irlash uchun telefon va akkauntni buzib kirishadi.

Ushbu daʼvo qanchalik asosli?

Sirtdan qaraganda texnik jihatdan mumkindek tuyulgan ayni harakatni amalga oshirish imkoni juda kam.

Sautgempton universiteti raqamli sud-tibbiy ekspertiza professori Sara Morris fikricha, xaker nazariy jihatdan onlayn joylashtirilgan selfidan barmoq izi nusxasini olishi mumkin, faqat o‘ta tiniq kadrdan.

– Gap rakursni to‘g‘ri yoritish, kamerani qulay yo‘naltirish, piksel soni, barmoqning to‘g‘ri burchagi va kameraga yaqinligida, – deydi u “The Cube” nashriga bergan intervyusida. – Aksar telefonlar kamerasida zarur piksel soniga erishish juda qiyin.

Lozanna universiteti raqamli sud-tibbiyot fanlari va tergov dotsenti Frank Braytinger ham xuddi shunday xulosaga keldi.

– Sifatli suratdan nozik maʼlumot olish mumkin, ammo bu axborotni qayta ishlatish qiyin masala, – deydi u.

Braytinger taʼkidlashicha, ko‘plab ijtimoiy media platformalari orqali internetga kirish payti foto va video sifati pasayadi. Aynan shu holat maʼlumot o‘g‘irlanishi oldini olishda yordam beradigan qo‘shimcha qalqon vazifasini bajaradi.

Ehtimoliy xakerning uskunasi va texnologiyasi qay darajada kuchliligi muhim emas. Agar manba maʼlumoti yetarli bo‘lmasa, algoritm barmoq izi aniq nusxasini tiklash uchun kerakli axborotni to‘play olmaydi. Hatto, firibgar uchun sharoit mukammal bo‘lgan vaziyatda ham foto suratdan biometrik maʼlumot olishga qodir “super kuch”ga ega bo‘lish dargumon. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga