AQSHdagi Nyu-York universitetining bakalavriat talabasi Logan Rozos bitiruv marosimida G‘azo haqida qilgan nutqi ortidan diplomdan mahrum qilindi. Bu haqda “New York Post” xabar berdi.
Rozos marosim davomida so‘zlagan nutqida G‘azo sektorida sodir bo‘layotgan ommaviy qatliomlarga e’tibor qaratgan va AQSHni ushbu harakatlarni “siyosiy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlayotganlikda” ayblagan.
“Hozir sodir bo‘layotgan genotsid AQSH tomonidan siyosiy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda, bu bizning soliqlarimiz hisobidan moliyalashtirilmoqda va bu dahshatli holatlar jonli efirda bizning telefonlarimizga uzatilmoqda. Men bu genotsidni va bizning undagi ishtirokimizni qoralayman”, degan talaba.
Uning ushbu 2,5 daqiqa davom etgan chiqishi zaldagilar orasida turlicha munosabatlarga sabab bo‘lgan – ba’zilar uni olqishladi, boshqalar esa norozilik bildirgan.
Uniyersitet matbuot xizmati bildirgan bayonotda, Rozos “o‘ziga berilgan imkoniyatdan biryoqlama siyosiy qarashlarini ifoda etish uchun foydalangani” aytilgan. Universitet bu nutqdan afsusdaligini bildirgan va talabaga nisbatan intizomiy choralar, jumladan diplomni bermaslik qarorini e’lon qilgan.
Amerika-Islom munosabatlari kengashi talabaning nutqiga ijobiy fikr bildirib, Nyu-York universitetini talabaning diplomini berishga chaqirgan. Kengash bu kabi intizomiy choralarni Amerika erkinliklari va xalqiga xiyonat, deb atagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51815 | Инструменты