Hindiston AQSH va Yevroittifoqning Rossiya nefti importi bo‘yicha tanqidini asossiz deb atadi.
"Nyu-Dehlini Rossiyadan energiya resurslarini xarid qilayotgani uchun tanqid qilayotgan AQSH va Yevropa Ittifoqi o‘zlari hali-hanuz Moskva bilan savdo qilishda davom etmoqda. Bizning holatimizdan farqli o‘laroq, ularning bunday savdosi hatto hayotiy muhim milliy zarurat ham emas", deyiladi Hindiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Bayonotda, shuningdek, AQSH va Yevroittifoqning Rossiya bilan savdo aylanmasi Rossiya-Hindiston savdosidan ancha yuqoriligi taʼkidlangan.
"Shu bois Hindistonga qarshi bildirilgan tanqidlar asossiz va noo‘rin. Har qanday yirik iqtisodiyot singari, Hindiston ham o‘z milliy manfaatlari va iqtisodiy xavfsizligini himoya qilish uchun zarur barcha choralarni ko‘radi," deyiladi Hindiston TIV bayonotida.
Avvalroq Oq uy Hindistonni Rossiyadan neft import qilish orqali amalda Moskvaning Ukrainadagi urushini moliyalashtirayotganlikda ayblagan edi.
4 avgust kuni prezident Donald Tramp Hindiston Rossiya neftini sotib olayotgani uchun unga nisbatan boj stavkalarini "keskin oshirish"ga vaʼda berdi. Hozirda Qo‘shma Shtatlarning Hindistonga nisbatan amal qilayotgan boj stavkalari 25 foizni tashkil etadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 80516 | Инструменты