Huawei 1
Hindistonda harakatdagi poyezddan tushib ketgan 6 kishi halok bo‘ldi

Hindistonning Maharashtra shtatida harakatlanayotgan poyezddan tushib ketgan olti kishi halok bo‘ldi va yana shuncha odam jarohat oldi. Bu haqda mahalliy politsiyaga tayanib The Indian Express gazetasi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa Mumbaydan Lakxnau tomon harakatlanayotgan Pushpak Express poyezdida, Diva va Kopar stansiyalari oralig‘ida sodir bo‘lgan.

Qayd etilishicha, poyezd odamlarga to‘la bo‘lgani yetmaganidek, vagonlar eshiklarida ham odamlar osilib olgan. Politsiya vakilining aniqlik kiritishicha, jabrlanganlarning barchasi shifoxonaga yetkazilgan, ularning olti nafari vafot etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar 30-35 yosh oralig‘idagi fuqarolardir.

Hindiston Temiryo‘l transporti vazirligining qo‘shimcha qilishicha, poyezdlarning to‘lib ketishi yo‘lovchilar oqimining ko‘pligi va mamlakatda transport infratuzilmasi yetarli emasligi bilan bog‘liq. Vazirlikning ma’lum qilishicha, mazkur voqeadan keyin Mumbay atrofidagi hududlarda harakatlanuvchi poyezdlar avtomatik yopiladigan eshiklar bilan jihozlanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60923 | Инструменты