Irlandiyalik 15 yoshli Killian O’Konnor bir daqiqada ko‘rsatgan fokuslari soni bo‘yicha yangi jahon rekordini o‘rnatdi. Bola 16 yoshgacha bo‘lgan toifadagi rekordchiga aylandi. Bu haqda Ginnes rekordlar kitobi rasmiy veb-saytida xabar berildi. Saytda Killianni “haqiqiy Garri Potter” deb ta’riflashgan.
Killian yetti yoshida amakisi unga tryuklardan birini ko‘rsatganidan keyin fokuslarga qiziqa boshlagan. Ammo bola 2017 yilda “Britaniya iste’dodlarni qidirmoqda” ko‘rsatuvida YouTube yulduzi Issi Simpsonni ko‘rganida bu san’atga bo‘lgan muhabbati karrasiga oshgan. O‘shanda ishtirokchi ikkinchi o‘rinni egallagandi.
“O‘sha paytda Issi bor-yo‘g‘i sakkiz yoshda edi, xuddi men kabi”, — deb eslaydi Killian.
2023 yilda uning o‘zi ham iste’dodlar shousida ishtirok etib, finalda uchinchi o‘rinni egalladi.
Avvalroq bolaga autizm tashxisi qo‘yilgandi. Killian fokuslarga qiziqishi va sevimli mashg‘ulotidagi muvaffaqiyati tufayli o‘ziga ishonchini oshirdi va jamiyatga qo‘shilish ko‘nikmasini rivojlantirdi.
“Fokus menga odamlar bilan ko‘proq muloqot qilish imkoniyatini berdi. Bundan tashqari, qiziqishlarimiz o‘xshash bo‘lgan do‘stlar orttirib, g‘aroyib joylarga sayohat qildim”, — deydi rekordchi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 100318 | Инструменты