Huawei 1
Isroil Bayrutdagi "Hizbulloh"ga aloqador bank filiallariga hujum qildi

Isroil armiyasi Livanda “Hizbulloh” guruhiga aloqador “Al-Qard Al-Hassan” moliyaviy uyushmasi bo‘linmalariga zarba berganini ma’lum qildi. Portlashlar Livanning yagona tijorat aeroporti yaqinida ham sodir bo‘ldi. Bu haqda The Times of Israel xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, ushbu moliyaviy muassasalar “Hizbulloh” va HAMAS guruhlarini qo‘llab-quvvatlovchi Erondan mablag‘ oladi. Livan Milliy axborot agentligi Bayrutning janubiy chekkalariga 11 ta zarba berilgani, ularning aksariyati “Qard al-Hasan” moliyaviy uyushmasiga qarshi yo‘naltirilganini ma’lum qildi.

Zarbalardan biri Bayrut aeroporti hududiga tushgan. AFP muxbiri voqea joyidan xabar qilishicha, ushbu hududda tutun chiqishiga qaramay, samolyotlar parvozlarini to‘xtatmagan. Aeroport odatdagidek faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, Livanning sharqida, Isroil bilan chegaradan taxminan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan Beqaa vodiysi hududidagi “Qard al-Hasan” filiallari hujumga uchragan.

20-oktyabr kuni kechqurun Isroil armiyasi vakili Daniel Hagari “Hizbulloh” moliyaviy obyektlari yaqinida yashovchi Livan fuqarolarini zudlik bilan ko‘chib ketishga chaqirgandi. U Isroil armiyasi Livanning turli nuqtalarida “Hizbulloh” banklari va moliyaviy mablag‘lari saqlanadigan joylarga zarba berishini bildirgan.

“Qard al-Hasan” uyushmasi 1983 yilda tashkil etilgan bo‘lib, notijorat moliya muassasasi hisoblanadi. Isroilning ta’kidlashicha, “Hizbulloh” undan sanksiyalardan qochib, o‘z jangchilariga maosh to‘lash va tinch aholini qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanmoqda.

AQSH 2021-yilda Qard al-Hasanga qarshi sanksiyalar joriy etgan. Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, muassasa Livanda, jumladan Bayrut va Beqaa shaharlarida 31 ta filialga ega.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102113 | Инструменты