Huawei 1
Kubada millionlab aholi IESdagi avariya tufayli elektrsiz qolmoqda

Kubadagi millionlab kishilar mamlakat bosh issiqlik elektr stansiyasidagi nosozlik tufayli elektr energiyasiz qolmoqda.

Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 18 oktyabr kuni Matanzas shahridagi «Antonio Giteras» issiqlik elektr stansiyasida yuz bergan avariya deyarli butun mamlakatni elektr energiyasidan uzib qo‘ygan.

Rasmiylarning xabar berishicha, qizg‘in ishlardan so‘ng elektr energiyasi mamlakatning ayrim hududlariga, xususan, poytaxt Havanaga yetkazib berila boshlangan. Biroq, mamlakatning 80 foizi elektr ta’minotisiz qolmoqda, ba’zi shaharlarda 30 soatdan ko‘proq vaqt davomida uzilishlar mavjud.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan kadrlarda Havanadagi Xose Marti xalqaro aeroporti to‘liq qorong‘ilikda aks etgan.

Energetika sektori vakillari Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel raisligida yig‘ilib, mamlakat bo‘ylab elektr ta’minotidagi uzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha keyingi qadamlarni baholashdi.

Kuba elektr stansiyalarining nosozligi tufayli tez-tez elektr uzilishlarini boshdan kechirmoqda.

Mahalliy matbuotning yozishicha, 40 yil avval Sobiq Ittifoq qurgan elektr stansiyalarga yetarlicha texnik xizmat ko‘rsatilmagani tufayli muammolar takrorlanmoqda.

Energetika va konlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda yiliga 8 million tonna yonilg‘i iste’mol qilinadi, shundan atigi 3 million tonnasi mahalliy ishlab chiqarishga to‘g‘ri keladi.

Iqtisodiy embargo tufayli Kuba energiyaga bo‘lgan ehtiyojning katta qismini Venesuela, Rossiya va Meksikadan oladi.

So‘nggi yillarda Kuba hukumati elektr ta’minotidagi uzilishlarning oldini olish va ishlab chiqarish quvvatini oshirish maqsadida suzuvchi elektr stansiyalarni ijaraga olishni boshladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102115 | Инструменты