Huawei 1
Tramp Moskvaga zarba berish bilan Putinga tahdid qilganini aytdi

AQSH sobiq rahbari Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Moskvaga zarba berish bilan tahdid qilganini aytdi. Bu haqda u The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Men Vladimirga shunday dedim: “Agar Ukraina ortidan quvsang, senga shunday zarba beramanki, hatto ishonmaysan. Moskvaning qoq markaziga zarba beraman. Biz do‘stmiz, buni xohlamayman, lekin boshqa tanlovim yo‘q”, deya taʼkidladi Tramp.

Uning aytishicha, Putin “no way” (yaʼni “hech qachon” yoki “bo‘lishi mumkin emas”) deb javob qaytargan.

Tramp bu suhbat qachon va qanday sharoitda bo‘lib o‘tganini tushuntirmagan, ammo Putin bilan munosabatlari aʼlo darajada ekanini va Rossiya prezidenti uning “telbaligini bilishini” taʼkidlagan.

Shuningdek, AQSH sobiq prezidenti 2017-yil aprel oyida Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida mehmon bo‘lgan Xitoy raisi Si Szinpin bilan o‘tkazilgan suhbat haqida ham gapirgan. Bu tashrif AQSHning Suriyani bombardimon qilishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan.

Trampning aytishicha, u Si Szinpinga desert paytida bombardimon haqida xabar berishga qaror qilgan:

“Rais, biz hozirgina Suriya hududidagi ko‘plab yangi samolyotlar joylashgan aeroportga 58 ta raketa uchirdik. Sizning odamlaringizga hech qanday xavf yo‘q, lekin raketalar allaqachon yo‘lda”, deb aytgan.

Trampga ko‘ra, Xitoy raisi aytilganlarni takrorlashni so‘ragan, bu esa uning ingliz tilini bilishini bildirgan. Shundan so‘ng Tramp undan: “Siz ingliz tilida gaplasha olasiz, shunday emasmi?” deb so‘ragan. Bu voqeaga qadar ular faqat tarjimonlar yordamida muloqot qilgan.

“Men takrorladim va u tushundi. Dastlab u g‘azablangandek tuyuldi. Men yana bir bor takrorladim. Keyin biz suhbatimizga qaytdik — u anchayin tinch edi. Ammo u juda shiddatli yigit”, dedi Tramp.

Shuningdek, u Pekinni Tayvanga bostirib kirishga to‘sqinlik qilish uchun 200 foizlik tariflar joriy qilish yoki savdoni to‘liq to‘xtatish bilan tahdid qilishi mumkinligini tushuntirdi.

“Bunday qilishimga hojat qolmasdi, chunki u meni hurmat qiladi va men aqldan ozganimni biladi”, dedi Tramp.
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102115 | Инструменты