Huawei 1
Isroil HAMASga 2 oylik otashkesim taklif qilmoqda - Axios

Isroil HAMAS harakatiga G‘azo sektorida garovga olingan barcha odamlarni ozod qilish evaziga ikki oylik otashkesim taklif qildi. Bu haqda 22-yanvar, dushanba kuni Axios axborot sayti ismi sir qolishni istagan ikki Isroil rasmiysiga tayanib xabar berdi. Bu taklif Misr va Qatardagi vositachilar orqali yetkazilgan, deya taʼkidlaydi u.

Kelishuv barcha tirik qolgan garovga olinganlarni ozod qilishni va o'lgan garovdagilarning jasadlarini bir necha bosqichda qaytarishni o'z ichiga oladi, dedi Axios manbalari. Ularga ko‘ra, birinchi bosqich ayollar, 60 yoshdan oshgan erkaklar va og‘ir ahvoldagi garovga olinganlarni ozod qilishdan iborat. Keyingi bosqichlarda ayol askarlar, 60 yoshga to‘lmagan noharbiy erkaklar, isroillik erkak harbiy xizmatchilar qo‘yib yuborilishi va halok bo‘lganlarning jasadlari qaytarilishi kerak.

Bundan tashqari, taklif Isroil mudofaa kuchlarini qayta joylashtirishni, xususan, ularning bo‘linmalarini G‘azo sektoridagi asosiy aholi punktlaridan olib chiqib ketishni o‘z ichiga oladi. Bu falastinlik tinch aholiga asta-sekin G‘azo shahri va sektorning shimoliy qismlariga qaytish imkonini beradi, deb yozadi Axios.

Isroil va HAMAS vakillari isroillik garovga olinganlar evaziga ozod qilinadigan falastinlik mahbuslar soni bo‘yicha kelishib olishi kerak bo‘ladi. Biroq taklif Isroil harbiy operatsiyani to‘xtatishga yoki Isroil qamoqxonalaridagi 6 ming nafar falastinlik mahbuslarning hammasini ozod qilishga rozi bo‘lmasligini yaqqol ko‘rsatib turibdi, dedi Axios suhbatdoshlari. Isroil rasmiylari HAMASdan javob kutmoqda, biroq ular yaqin kunlarda oldinga siljish bo‘lishi ehtimoliga ehtiyotkorlik bilan qarayotganini qo‘shimcha qildi.

Shuningdek, Ynet nashri ham bunga o‘xshash ma’lumotlarni taqdim etmoqda: uning ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil taklifi uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatishni va garovga olinganlarni bosqichma-bosqich ozod qilish evaziga ID bo‘linmalarining G‘azo sektoridagi harakat yo‘nalishlarini vaqtinchalik o‘zgartirishni o‘z ichiga oladi. Isroil muzokaralarda muayyan tashabbus ko‘rsatgani haqida bosh vazir Benyamin Netanyaxu 22-yanvar kuni garovga olinganlarning qarindoshlari bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Isroil matbuoti.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42916 | Инструменты