Isroilning Eron hududiga uyushtirgan yirik havo hujumi oqibatida olti nafar yadroviy olim halok bo‘ldi. Bu haqda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga (IIQQ) yaqin bo‘lgan “Tasnim” axborot agentligi xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, zarbalar bir necha shaharlar, jumladan, Tehron, Tabriz, Isfaxon (jumladan, Natanzdagi yadro inshooti), shuningdek, Loriston va Kirmonshoh viloyatlariga qaratilgan.
O‘ldirilgan olimlar ro‘yxatida Abdulhamid Menuchehr, Ahmad Rizo Zulfiqoriy, Amir Husayn Fag‘iy, Motlabizoda, Muhammad Mehdi Tehronchi va Feridun Abbosiy bor.
Qayd etilishicha, Feridun Abbosiy Eron Atom energiyasi tashkilotining sobiq rahbari bo‘lgan. 2010 yilda u suiqasddan omon qolgan, buning uchun Tehron Isroilni ayblagan. Muhammad Mehdi Tehronchi esa Islom Azad universiteti rektori lavozimida ishlagan.
Zarbalarda, shuningdek, yuqori martabali harbiy amaldorlar, jumladan Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, general-mayor Muhammad Bag‘iriy va IIQQ Bosh qo‘mondoni Husayn Salamiy ham halok bo‘lgan.
Mahalliy manbalarga ko‘ra, zarbalar Tehronning turarjoy hududlariga ham berilgan, tinch aholi halok bo‘lgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61411 | Инструменты