Isroil hukumati G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olganlarni ozod qilish bo‘yicha Hamas guruhi bilan kelishuvni nihoyat tasdiqladi. Bu haqda 18 yanvar, shanbaga o‘tar kechasi bosh vazir Binyamin Netanyahuning idorasi xabar berdi.
Bosh vazir idorasi o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish 19 yanvar, yakshanba kuniyoq boshlanishini aytdi. Vazirlar mahkamasi yig‘ilishi sakkiz soat davom etdi.
Amerikaning Axios portaliga ko‘ra, Netanyahu koalitsion hukumatidagi 24 vazir kelishuv uchun ovoz bergan, sakkiz nafari qarshi chiqqan. AP agentligi ta’kidlaganidek, hukumat yig‘ilishi yahudiylarning shabat kuni ishlamaslik an’analariga zid ravishda o‘tkazildi, bu faqat istisno hollarda bo‘ladi.
Garovga olinganlarni ozod qilish evaziga sulh
Avvalroq Isroil harbiy-siyosiy vazirlar mahkamasi mamlakat hukumatiga G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilishga qaratilgan Hamas bilan kelishuvni qabul qilishni tavsiya etgan edi. Shundan so‘ng kelishuv vazirlar mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi, deya ma’lum qildi 17 yanvar, juma kuni bosh vazir Binyamin Netanyahuning idorasi.
15 yanvar kuni Isroil va Falastinning Hamas guruhi vakillari o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishgani ma’lum bo‘ldi. Kelishuv birinchi bosqichda 42 kunlik otashkesim va G‘azo sektorida garovga olinganlarning bir qismini ozod qilishni ko‘zda tutadi. Bunga javoban har bir Isroil fuqarosi uchun 30 falastinlik mahbus va har bir askar uchun 50 falastinlik ozod qilinishi kerak.
17 yanvar kuni Isroil ommaviy axborot vositalari kelishuvning birinchi bosqichi doirasida Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinlik mahbuslarga almashtirilishi kutilayotgan 33 kishidan iborat ro‘yxatni e’lon qildi. Isroil rasmiylarining fikricha, ro‘yxatdagilarning aksariyati tirik, ammo garovga olinganlarning ahvoli haqida aniq ma’lumot yo‘q.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11814 | Инструменты