Huawei 1
Janubiy Koreya prezidentining partiyasi rahbari iste’foga chiqdi

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolga impichment e’lon qilingan bir paytda, «Fuqarolik kuchi» partiyasi raisi Xan Dong Xun iste’foga chiqishga ariza berdi. Bu qarorni 16 dekabr, dushanba kuni Seulda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ag‘darilgan prezidentni ochiq qo‘llab-quvvatlovchi fraksiyani o‘z ichiga olgan partiya raisi shaxsan ma’lum qildi.

Xunning so‘zlariga ko‘ra, u «oliy kengashning faktik qulashi» tufayli endi partiya yetakchisi sifatida ishlay olmaydi, uning a’zolari ham avvalroq iste’foga chiqishlarini e’lon qilgan, deb xabar berdi Janubiy Koreyaning KBS World media-kompaniyasi. Shuningdek, siyosatchi dekabr oyi boshida Yun Sok Yolning Janubiy Koreyada harbiy holat joriy etish qaroridan «jabrlangan» mamlakat fuqarolaridan uzr so‘radi.

«Fuqarolik kuchi» uchta fraksiyani o‘z ichiga oladi, ular boshqa narsalar qatorida Yun Sok Yol bilan munosabatlari bilan ajralib turadi. Shartli ravishda ularni blokka eng katta ta’sir ko‘rsatadigan prezident tarafdorlari, neytral va Yunni tanqid qilgan, biroq uning tarafdorlari bilan bir blokda qolishda davom etgan fraksiyaga bo‘lish mumkin. So‘nggi fraksiyani Xan Dong Xun boshqargan, u avvalroq Yundan iste’foga chiqishni talab qilgan edi.

Endi Yunning ochiq tarafdorlaridan biri Kvon Sung Dong yangi rahbar tayinlanmaguncha «Fuqarolik kuchi» raisi vazifasini bajaradi.

Janubiy Koreya parlamenti prezidentga ikkinchi urinishda impichment e’lon qildi

14 dekabr kuni Janubiy Koreya parlamentining 300 nafar a’zosidan 204 nafari Yun Sok Yolni lavozimidan chetlashtirish uchun ovoz berdi. Bunga prezident tomonidan 3 dekabr kuni kutilmaganda mamlakatda harbiy holat joriy etilgani sabab bo‘ldi. Voqealarning bunday rivoji parlament tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi, shundan so‘ng hukumat prezident qarorini bekor qilishga majbur bo‘ldi.

Yun Sok Yol va uning bir qator tarafdorlariga qarshi tergov boshlandi, 7 dekabr kuni esa parlamentda mamlakat rahbariga impichment masalasi ko‘tarildi. Biroq, o‘shanda ovoz berishni o‘tkazish imkoni bo‘lmadi — parlamentda 108 o‘rinni egallagan «Fuqarolik kuchi» a’zolari protsedurani boykot qildilar. Hukmron partiyaning deyarli barcha a’zolari zalni tark etgani bois 195 kishi prezidentning iste’fosi uchun ovoz berdi, jarayon amalga oshishi uchun kamida 200 ta ovoz kerak edi, shu tariqa kvorumga erishilmadi.

Parlament a’zolari impichmentni qo‘llab-quvvatlagach, bu masalani Janubiy Koreya Konstitutsiyaviy sudi ko‘rib chiqishi kerak. Prezident vazifasini endi vaqtincha mamlakat bosh vaziri Xan Dak Su bajaradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121614 | Инструменты