Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat joriy etdi. Respublika prezidenti bu haqda mahalliy vaqt bilan 3 dekabr kuni efirga uzatilgan telemurojaati chog‘ida e’lon qilgan.
«Men erkin Koreya Respublikasini shimoliy koreyalik kommunistik kuchlar tahdididan himoya qilish, xalqimiz erkinligi va baxtini o‘g‘irlayotgan jirkanch Shimoliy Koreya tarafdori bo‘lgan davlatga qarshi kuchlarni tag-tomiri bilan yo‘q qilish va erkin konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish maqsadida harbiy holat e’lon qilaman», — degan Yun Sok Yol.
Prezident muxolifat partiyalari mamlakatni inqirozga uchratishga urinayotgani uchun shunday choraga qo‘l urganini aytgan.
Yonsandagi prezident ofisida o‘tkazilgan favqulodda brifingda Yun Sok Yol mamlakat parlamenti hukumat amaldorlariga qarshi ko‘plab impichment jarayonlarini qo‘zg‘atgani, bu esa davlat tizimi faoliyatini izdan chiqarganini aytgan.
U muxolifat Demokratik partiyani mamlakat demokratik tuzilmasi asoslariga putur yetkazishda, xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan hukumat budjetlarini bloklab qo‘yishda, shuningdek, sud va ijroiya hokimiyatlarini falajlashda aybladi.
Yun Sok Yolning ta’kidlashicha, vaziyat Janubiy Koreya barqarorligiga tahdid uyg‘otadigan kritik nuqtaga yetgan. O‘z chiqishi davomida u harbiy holat e’lon qilinishidan maqsad konstitutsiyaviy tartibni qayta tiklash, davlatga qarshi kuchlarni bartaraf etish va mamlakat xavfsizligini ta’minlash ekanini bildirdi.
Prezident harbiy holat vaqtida tinch aholi hayotiga putur yetkazmaslik uchun bor sa’y-harakatlar ko‘rilishiga va’da berdi va bu harakatlar kelajak avlodlar himoyasi uchun zarurligini qayd etdi. Ammo harbiy holat doirasida aynan qanday choralar ko‘rilishiga aniqlik kiritmagan.
OAV xabariga ko‘ra, harbiylar Janubiy Koreya parlamentiga kirishni to‘sib qo‘yishgan. Poytaxt Seul ko‘chalariga zirhli transportyorlar olib kirilgan.
Noyabr oyi oxirida parlamentda ko‘pchilikni tashkil etuvchi, muxolifatdagi Janubiy Koreya Demokratik ishchi partiyasi hukumatning budjet bo‘yicha taklifini qaytarib, davlat auditori va bosh prokuroriga impichment e’lon qilishga qaror qilgandi.
Janubiy Koreya prezidenti umummilliy saylovlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz berish orqali besh yil muddatga saylanadi va unda qayta saylanish huquqi bo‘lmaydi. Prezident hukumatga rahbarlik qiladi va Janubiy Koreya qurolli kuchlari oliy bosh qo‘mondoni hisoblanadi. Yun Sok Yol 2022 yil 10 may kuni prezident bo‘lgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120413 | Инструменты